Peskov: Putin va Trampning uchrashuvi joyi haqida gapirishga hali erta
Putin va Tramp o‘rtasidagi muzokaralarga hozircha jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmagan, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi. Uning fikricha, AQShning Ukrainaga nisbatan ritorikasini o‘zgartirish haqida bayonot berish hali erta.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti lavozimiga kirishganidan so‘ng Donald Tramp o‘rtasidagi ehtimoliy uchrashuv qayerda o‘tishi haqida gapirishga hali erta. Bu haqda 13 yanvar, dushanba kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytib o‘tdi. Bu mavzu haqida gapirishga hali erta, chunki hozircha muzokaralarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilayotgani yo‘q, deya tushuntirdi u.
«Ko‘plab davlatlar o‘z xizmatlarini taxminiy aloqalar o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan joy sifatida taklif qilmoqda, biroq bu haqda gapirishga hali erta, hozircha jiddiy tayyorgarlik yo‘q», dedi Peskov jurnalistlarga qator davlatlar, jumladan Serbiya va Shveytsariyaning Putin va Tramp uchrashuvi uchun joy taqdim etish bo‘yicha takliflarini izohlar ekan.
Kreml matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, hozirda «bunday aloqalar juda zarur va maqsadga muvofiq bo‘lishi haqida tushunish va siyosiy iroda mavjud». «Biz Vashingtondagi ma’muriyat o‘zgargandan keyin buni ko‘rib chiqamiz», — deya qo‘shimcha qildi Dmitriy Peskov.
Peskov Trampning Ukraina haqidagi ritorikasiga izoh berishdan bosh tortdi
Rossiya prezidenti matbuot kotibi, shuningdek, Oq uyning Ukraina haqidagi ritorikasida ehtimoliy o‘zgarishlar haqida gapirishga hali erta deb hisoblaydi. U jurnalistlarning AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha bo‘lajak maslahatchisi Mayk Uoltsning Ukraina Rossiya nazorati ostidagi barcha hududlarni qaytarib ololmasligini mohiyatan tan olgan bayonotiga izoh berish haqidagi iltimosiga shunday javob qaytardi.
«Biz ko‘rdik, albatta, biz bu intervyularni juda diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Lekin baribir, bu ritorika o‘zgarganidan dalolat yoki yo‘qligi to‘g‘risida faqat bir haftadan keyin yoki rasmiy tayinlovlardan keyin gapirish mumkin bo‘ladi. Chunki hozircha biz AQShning saylangan prezidenti haqida gapirar ekanmiz, gap uning bo‘lajak jamoasi to‘g‘risida boryapti», — dedi Peskov.
Uning eslatishicha, hozirgacha bunday bayonotlar o‘z lavozimlariga rasman tayinlanmagan odamlardan chiqqan. «Keyingi yetti kun davomida Bayden va uning jamoasi jarayonni «boshqarish»da davom etadi», dedi Peskov.
Mavzuga oid
18:33 / 14.01.2025
«Agar saylanmasa, aybdor deb topilardi» - Tramp ishi bo‘yicha maxsus prokuror hisoboti e’lon qilindi
17:10 / 14.01.2025
Trampga Grenlandiyani sotib olish imkonini beruvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi
22:59 / 13.01.2025
“Pandora qutisi ochildi” - Dunyo imperializm davri ostonasidami?
10:33 / 13.01.2025