Istanbulda bir kunda 5 o‘zbekistonlik qalbaki alkogoldan zaharlanib, vafot etdi
Holat Istanbul shahrining Aksaray tumanida sotib olingan spirtli ichimlik iste’moli oqibatida yuzaga kelgan. Marhumlar 35-40 yoshli erkaklar bo‘lgan.
Turkiyaning Istanbul shahrida 5 o‘zbekistonlik qalbaki alkogoldan zaharlanib, vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 14 yanvar kuni Istanbul shahridagi Bosh konsulxonaga qo‘lbola spirtli ichimlik iste’moli oqibatida zaharlanib vafot etgan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosining yaqin qarindoshlari murojaat qilgan. Ushbu noxush holatlar Istanbul shahrining Aksaray tumanida sotib olingan spirtli ichimlik iste’moli oqibatida yuzaga kelgan.
“Vafot etgan fuqarolar asosan 35–40 yoshdagi erkaklar bo‘lib, ularning barchasi voyaga yetmagan farzandlarni yetim qoldirdi. Shu munosabat bilan, Istanbul shahridagi Bosh konsulxona barcha fuqarolarni spirtli ichimliklardan tiyilishga va ehtiyotkorlikka chaqiradi”, deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona salomatlikka tahdid soluvchi har qanday vaziyatda zudlik bilan yaqin shifoxonaga murojaat qilishni hamda konsulxona bilan bog‘lanishni tavsiya etgan. Favqulodda holatlar yuzasidan +905535411717 telefon raqamiga murojaat qilish mumkinligini bildirgan.
Oldinroq Samarqand shahrining Kimyogarlar qo‘rg‘onida 17 kishi vafot etgani, ular qo‘lbola spirt iste’molidan zaharlangan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi. Bosh prokuratura 13 yanvar kuni mazkur zaharlanish holati bo‘yicha rasmiy bayonot berib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 5 kishi vafot etgani haqida xabar bergandi.
Mavzuga oid
01:00
Turkiyada qalbaki alkogoldan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni 6 kishiga yetdi. Holatga aloqador Turkmaniston fuqarolari qo‘lga olindi
18:20 / 14.01.2025
Samarqandda 10 dan ziyod kishi qo‘lbola spirtdan zaharlanib vafot etgani aytilmoqda
17:18 / 13.01.2025
Samarqand shahrida bir kunda 5 erkak vafot etdi. Ular aroqdan zaharlangani taxmin qilinmoqda
11:45 / 29.12.2024