Jamiyat | 15:12 / 14.01.2025
6816
3 daqiqa o‘qiladi

“Qishloq maza, tinch va sokin” - Yordonda qish

Farg‘ona tumani Yordon qishlog‘i tog‘ bag‘rida joylashgan, bu yerda haqiqiy qishni, asosiysi, qorni doim ko‘rish mumkin. Ko‘chada bolalar chang‘i uchadi, ularning sho‘x-shodon kulgisi jaranglaydi. Kun.uz muxbiri qishloqdagi 73 yoshli Soyimaxon Ergasheva xonadonida mehmon bo‘lib, uy bekasi va uning o‘g‘li bilan suhbatlashdi.

Qishga mo‘ljallab qurilgan uyga pechka qurilgan. Tandirdan issiq non uzildi, chorvalarga yem-xashak berildi. Bolalardan tashqari hamma o‘z yumushi bilan band. Soyimaxon Ergashevaning aytishicha, qishloqda yashashning o‘z gashti bor. Tabiat musaffo, suvlari zilol. Sut-qaymoq o‘zlaridan chiqadi. Yozda mevalar yig‘ishtirilib, qishga saqlanadi. Tog‘ bag‘ridagi tomorqaga kartoshka, makkajo‘xori ekiladi.

“Turmush o‘rtog‘im bilan birga peshona teri qilib ishlab farzandlarimni uyli-joyli qildik. Mana endi qarilik gashtini surib o‘tiribmiz. Qishloq maza. Ayniqsa yoz faslida Yordon boshqacha bo‘ladi.

Soyima aya Ergasheva

Mehmonlar bilan to‘ladi qishlog‘imiz. Hayotimni boshqa joy bilan tasavvur qila olmayman. Hatto o‘zgalar uchun qulay sanalgan katta shaharlarga borib qolsam ham bir kunda uyimga qochib kelib olaman”, – deydi Soyima aya.

“Fermer xo‘jaligida ishlayman. Qo‘ramda chorvaning hamma turidan bor. Parrandadan tortib ot, qo‘y, sigir va hatto echkigacha. Mana bu hovlida o‘zim qolganman. Ota-onamning yoshi bir joyga borib qoldi. Ularning qo‘ldan kelganicha roziligini olishga harakat qilaman.

Jamshid Ergashev

Sut-qatiq, qaymoq, tandir noni doim bor uyimizda, Xudoga shukr. Qishloq shunisi bilan ham fayzli. Nolimaymiz. Eng asosiysi, hamma xavas qiladigan ajoyib qishlog‘imiz bor.

Yordonning tabiati juda go‘zal”, – deydi Soyimaxon ayaning o‘g‘illaridan biri Jamshid Ergashev.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Mavzuga oid