Jahon | 13:53 / 14.01.2025
2630
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya «Turk oqimi»ga hujumlar haqidagi ma’lumotdan xavotirda

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Moskva tomonidan e’lon qilingan «Turk oqimi» stansiyasiga dronlar hujumini o‘z mamlakatining suverenitetiga tajovuz qilish bilan tenglashtirdi.

Foto: Facebook / szijjarto.peter.official

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Rossiya Mudofaa vazirligining Krasnodar o‘lkasidagi «Turk oqimi» quvurining kompressor stansiyasiga dronlar bilan «hujum qilishga urinish» haqidagi xabarlaridan xavotir bildirdi. Ushbu gaz quvuri yaqinidagi harbiy harakatlar Vengriya suverenitetiga tahdid soladi, deb yozdi Siyyarto 13 yanvar, dushanba kuni Facebookʼda.

«Energiya ta’minoti xavfsizligi suverenitet masalasidir, shuning uchun energiya ta’minotimiz xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday harakat suverenitetga hujum sifatida ko‘rilishi kerak», dedi u.

Vengriya Tashqi ishlar vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «Turk oqimi» Vengriya va Markaziy Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berish uchun zarur va uzoq yillar davomida ishonchli transport yo‘li bo‘lib kelgan. Budapesht «ushbu transport marshrutining xavfsizligi va funksionalligi hamma tomonidan hurmat qilinishini» kutadi, dedi Siyyarto.

Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi 11 yanvar kuni Ukraina dronlari «Turk oqimi» orqali Yevropa davlatlariga gaz yetkazib beruvchi Krasnodar o‘lkasidagi «Russkaya» kompressor stansiyasiga hujum qilishga uringanini ma’lum qilgandi. Departament ma’lumotlariga ko‘ra, barcha to‘qqizta dron urib tushirilgan, qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q. Ukraina tomoni bu hodisaga hozircha izoh bermadi.

Qora dengiz tubidan o‘tuvchi «Turk oqimi» quvuri 2020 yilda foydalanishga topshirilgan. U tabiiy gazni Rossiyadan Turkiyaning Yevropa qismiga tashiydi va u yerdan yonilg‘ini birlashtiruvchi quvurlar orqali Yevropaning boshqa mamlakatlariga, asosan Bolgariya, Serbiya va Vengriyaga yo‘naltiradi.

Mavzuga oid