Iqtisodiyot | 13:26
832
2 daqiqa o‘qiladi

Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish qoidalari o‘zgarmoqda

Iqtisodiyot va moliya vazirining «Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi buyrug‘i qabul qilindi.

Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga qator qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, agar deklarant jismoniy shaxs bo‘lsa, 14-grafada («Deklarant/bojxona brokeri») ushbu jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, uning yashash manzili, telefon raqami va elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa) ko‘rsatiladi.

28-grafada («Moliya va bank ma’lumotlari») bojxona to‘lovlarini to‘lovchi shaxsning STIRi (jismoniy shaxs bo‘lsa, JShShIRi), bojxona to‘lovlari O‘zbekiston norezidenti tomonidan to‘langanda bojxona brokeri yoki deklarantning STIRi (jismoniy shaxs bo‘lsa, JShShIRi) ko‘rsatiladi.

Shuningdek, to‘lov usulining ikki belgili harfli «VZ» yangi kodi kiritilmoqda. Ushbu kod QQSni bojxona va soliq organlari o‘rtasida o‘zaro hisobga olish orqali to‘lash imkoniyati taqdim etilganda  47-grafaning («Bojxona to‘lovlarining hisobi») «TU» ustunida ko‘rsatiladi.

Bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilganda, 48-grafada («To‘lovlarni kechiktirish») bunday to‘lovlarni to‘lash muddatlari, bojxona to‘lovlari turlari va to‘lov summalari kesimida ko‘rsatiladi.

Agar bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilgan bojxona to‘lovlarining turlari yoki muddatlari bir nechta bo‘lsa, har bir ma’lumot alohida yangi qatorda ko‘rsatiladi.

Shuningdek yangilangan Bojxona postlari tasniflagichi tasdiqlandi.

Mavzuga oid