Los-Anjyelesdagi yong‘inlar: qurbonlar soni 25 kishiga yetdi
Kaliforniya janubidagi yong‘inlarda kamida 25 kishi halok bo‘ldi, yana 13 kishi bedarak yo‘qoldi.
Los-Anjyeles okrugidagi yirik o‘rmon yong‘inlari kamida 25 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda 14 yanvar, seshanba kuni mahalliy hokimiyat organlariga tayanib, CNN telekanali xabar berdi. Ularga ko‘ra, 17 kishining o‘limi Pasadena yaqinidagi yong‘in bilan bog‘liq, sakkiz kishi Pasifik-Paliseyds hududidagi yong‘in tufayli halok bo‘lgan. Los-Anjyeles politsiya departamenti matbuot kotibi Stiv Embrich matbuot anjumanida mintaqada yana 13 kishi bedarak yo‘qolgani, ammo halok bo‘lgan deb taxmin qilinmayotganini bildirdi.
Pasifik-Paliseydsda 14 kishi hibsga olindi
Politsiya Pasifik-Paliseydsdagi yong‘in bilan bog‘liq ishda 14 kishini, jumladan, o‘t qo‘yishda gumon qilingan uch kishini hibsga oldi, dedi Embrich. Hibsga olish uchun boshqa asoslar qatoriga komendantlik soatini buzish, o‘zini o‘t o‘chiruvchilar yoki politsiya xodimlari sifatida ko‘rsatish, vandalizm va o‘g‘irlik kiradi. «Talonchilik nafaqat mulkka qarshi jinoyat, balki evakuatsiya qilingan aholini xavfsizlik hissidan ham mahrum qiladi va bunga toqat qilib bo‘lmaydi», — dedi Embrich.
Bir necha kun oldin politsiya talonchilar sababli yong‘indan jabrlangan hududlarda soat 18:00 dan 6:00 gacha komendantlik soati joriy qilgandi.
Shu bilan birga, Los-Anjyeles rasmiylari yong‘inlarga qarshi kurashda muvaffaqiyat qozonganini e’lon qildi. Xususan, ularga ko‘ra, Pasifik-Paliseydsdagi yong‘in 14 foizga o‘chirilgan, Posadena yaqinidagi yong‘in esa 33 foizga nazorat ostida.
Bayden yong‘inlar hududini falokat zonasi deb e’lon qildi
AQSh prezidenti Jo Bayden Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlari qurbonlariga federal yordam ko‘rsatish uchun ushbu yerlarni falokat hududi deb e’lon qildi. Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx yong‘inlarga qarshi kurashish uchun Kaliforniyaga qo‘shimcha kuch va texnika yuborilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inga qarshi kurash hozirgi ob-havo sharoiti tufayli qiyinlashmoqda, kuchli shamol sababli yong‘inni aviatsiya yordamida o‘chirishning iloji yo‘q.
Mavzuga oid
00:28
Kaliforniyada yong‘inlar oqibatida ko‘rilgan zarar 275 mlrd dollarga baholanmoqda
16:06 / 14.01.2025
Kaliforniyadagi o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishga 900 dan ortiq mahbus jalb qilindi
16:04 / 13.01.2025
Engelsda neft bazasidagi yong‘inni besh kundan beri o‘chirib bo‘lmayapti
11:17 / 13.01.2025