Jahon | 20:39
2841
4 daqiqa o‘qiladi

Trampning maslahatchilari urushni tugatishga oylar ketishini tan olmoqda

AQShning saylangan prezidenti jamoasidagilar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni bir kun ichida yakunlab bo‘lmasligini bilib turishibdi.

REUTERS/Shannon Stapleton/File Photo Purchase Licensing Rights

AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning maslahatchilari endilikda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish uchun bir necha oy yoki hatto ko‘proq vaqt talab etiladi deb hisoblashmoqda. Reuters Tramp va uning maslahatchilarining urushni yakunlash haqidagi bayonotlari tahlil qilingan maqolasida qayd etishicha, saylangan prezidentning maslahatchilari uning tashqi siyosat bo‘yicha asosiy va’dasi — Rossiya-Ukraina urushiga AQSh rahbarligidagi ilk kundayoq barham berish haqidagi va’dasidan asta-sekin chekinmoqda.

Agentlikning Trampga yaqin bo‘lgan ikki manbasi mojaroni hal qilish uchun ketadigan muddat «oylar»da o‘lchanishiga ishonishadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, urushni prezidentlikning ilk kunida yakunlash va’dalari — «saylovdan oldingi maqtanchoqlik», vaziyatning qanchalik murakkabligini tushunmaslik va yangi prezident ma’muriyatini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan vaqtni to‘g‘ri baholay olmaslik natijasidir.

Reuters saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Tramp Rossiya-Ukraina urushini AQSh prezidenti lavozimidagi dastlabki 24 soat ichida tugatish haqida o‘n marta gapirganini eslatgan. Saylovdan keyin u ritorikasini o‘zgartirdi va mojaroni hal qilish ehtimoli bo‘yicha aniq raqamlarni keltirishni bas qildi. Dekabr oyidagi matbuot anjumanida Tramp Ukrainadagi urushni yakunlash G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga erishishdan qiyinroq bo‘lishini tan olgandi.

Inauguratsiyasi 20 yanvarga belgilangan AQShning saylangan prezidenti 2025 yil boshida yaqin yarim yil ichida Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazishga umid qilayotganini bildirdi. Shu bilan birga, Trampning atrofidagilar u va rossiyaliklar prezidenti «yaqin kunlar yoki haftalar ichida» telefon orqali muloqot qilishi, ularning uchrashuviga tayyorgarlik jarayoni esa «qizg‘in pallada» ekanini ma’lum qilishgan.

Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog esa Kiyevga mo‘ljallangan tashrifini qoldirgan, Reuters ma’lumotiga ko‘ra, u yanvar oyi boshida Ukraina poytaxtiga kelishi kerak edi. O‘tgan haftada Fox News uchun bergan intervyusida Kellog urushni yuz kun ichida tugatish uchun yechim topishni xohlashini aytdi.

Trampning va uning safdoshlarining ritorikasi o‘zgarganiga Financial Times gazetasi ham e’tibor qaratgan. Nashr manbalariga ko‘ra, saylangan prezident jamoasi hali ham mojaroga qanday barham berishni o‘zi uchun belgilab olmagan va bu masala bo‘yicha yondashuvini qayta ko‘rib chiqmoqda. «Trampning butun jamoasi kuchga va kuchli ko‘rinishga mukkasidan ketgan», — degan nashr suhbatdoshlaridan biri. U Trampning bo‘lg‘usi ma’muriyati ularning Ukraina bo‘yicha qarori Jo Bayden davrida AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan «sharmandali olib chiqilgani» bilan solishtirilishidan xavotirlanmoqda.

Mavzuga oid