Jamiyat | 10:41
2121
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga bosh shifokor tayinlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida qator tayinlovlar amalga oshirildi.

SSV matbuot xizmati xabar berishicha, Dilnoza Anvarxo‘jayevna A’zamxo‘jayeva markaz direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari — bosh shifokor lavozimiga tayinlandi.

Dilnoza A’zamxo‘jayeva / Sog‘liqni saqlash vazirligi

Dilnoza A’zamxo‘jayeva 1992 yil Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan, 1994–1996 yillarda ushbu oliy o‘quv yurtining klinik ordinaturasida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini Respublika oftalmologiya shifoxonasi vrachi sifatida boshlagan. Turli yillarda Respublika onkologiya ilmiy markazida shifokor, bo‘lim mudiri, davolash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari kabi qator mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Tibbiyot fanlari nomzodi D. A’zamxo‘jayeva tayinlovga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Shuningdek, Mamedova Guzalya Bakir qizi markaz direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Guzalya Mamedova / Sog‘liqni saqlash vazirligi

Guzalya Mamedova 2006 yilda Toshkent pediatriya tibbiyot institutining bakalavriat bosqichini, 2008 yilda magistraturasini tamomlagan.

Shundan so‘ng mazkur oliy o‘quv yurtining Jamoat salomatligi va sog‘liqni saqlashni boshqarish kafedrasida assistent sifatida faoliyat yuritgan. U 2018–2021 yillarda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti doktoranturasida tahsil olgan.

Tibbiyot fanlari nomzodi Guzalya Mamedova tayinlovga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» loyiha ofisi bosh mutaxassisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. 

Mavzuga oid