ZTY ishi: 215 jabrlanuvchiga 62 mlrd so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi
Xitoydan turli rusumdagi elektromobillarni olib kelish, sotish va quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi “Green-Waatt”, “Ev Sky”, “ZTY Car Energy”, “Quwwatt Motors” MChJlar turli banklar orqali yuzlab odamlarni chuv tushirgan. Ular 200 dollar haq evaziga odamlarning nomiga kredit chiqartirgan hamda 2 oy ichida uzib berishni va’da qilib, milliardlab summani o‘zlashtirgan. Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida ko‘rilmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida ko‘plab odamlarni ularning nomiga kredit olib, chuv tushirgan avtosalonchilar ishi ko‘rilmoqda. Bu haqda sud majlislari jadvalida keltirilgan.
Jinoyat ishi doirasida 6 kishi ayblanyapti. Bular “Green-Waatt” va “Quwwatt Motors” MChJlar ta’sischisi Nozimjon Aslonov, “Green-Waatt” MChJ rahbari Obidxon To‘rayev, “Ev Sky” MChJ rahbari Dilshod Eshonqulov, bir nechta MChJlar ta’sischisi Vahobjon Muharamxo‘jayev va Zohid Tog‘ayev, shuningdek, Sherbek Ozodbekovdir.
Ularga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a, v” bandlari (juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab firibgarlik sodir etish), 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) hamda 228-moddasi 3-qismi (hujjatning qalbaki ekanini bila turib, undan foydalanish) bilan ayblov e’lon qilingan.
Jadvalda ko‘rinishicha, jinoyat ishida 215 nafar fuqaro jabrlanuvchi sifatida o‘tgan. Kun.uz’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida yetkazilgan umumiy zarar miqdori 62 mlrd so‘mga teng.
Kun.uz avvalroq jabrlanuvchilarning murojaati asosida ushbu ish bo‘yicha surishtiruv olib borgandi. Surishtiruv davomida Xitoydan turli rusumdagi elektromobillarni olib kelish, sotish va quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi “Green-Waatt”, “Ev Sky”, “ZTY Car Energy”, “Quwwatt Motors” MChJlar turli banklar orqali yuzlab odamlarni chuv tushirgani aniqlangan.
Ular mashhur kishilar yordamida turli jozibali reklamalarga kuch berib, odamlar ishonchiga kirgan. Rejaga ko‘ra aksariyati hech qayerda ishlamaydigan, tayinli daromadi yo‘q fuqarolar birgalikda daromad olishga qiziqtirilgan.
Sxema quyidagicha ishlagan: fuqarolar bilan qimmatbaho Xitoy avtomobili uchun shartnoma tuziladi; bankdan avtomobil uchun o‘sha fuqaro nomiga katta miqdorda, 200-300 mln so‘mlik kredit chiqariladi; kreditdan chiqqan pullar sxema tepasida turgan firma egalari qo‘liga o‘tadi; odamlar kredit kompaniya tomonidan to‘lab borilishiga ishontiriladi; 2 oy ichida Xitoydan avtomashina olib kelinib, qayta sotilishi va tushgan mablag‘ hisobiga kredit to‘liq yopilishi va’da qilinadi.
Bularning barchasi evaziga bu aldanayotgan fuqarolarga bor-yo‘g‘i 200 dollardan “bonus” berilgan. “Osmondan tushayotgan” 200 dollarni eshitgan sodda odamlar birin-ketin tanish-bilish, qarindosh-urug‘, qo‘shnilarini yetaklab kelavergan.
Iqtisodchi Valijon To‘raqulov bu vaziyatni qonuniy jinoyat deb atagan. Uning aytishicha, bunday turdagi jinoyatlar noqonuniysiga qaraganda xavfliroq bo‘ladi. To‘raqulov shunday jinoyatlar qilinishi davom etaversa, moliya bozorida inqiroz yuzaga kelishidan ogohlantirgan.
Oldinroq “Umid avto” rahbari qamoqqa olingani, u juda ko‘p miqdordagi firibgarlikda gumonlanayotgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
16:08 / 14.01.2025
Fuqarolarni AQShga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi
15:02 / 14.01.2025
“Oyi, men avariyaga uchradim” – Toshkentda g‘aroyib firibgarlik sodir etildi
14:14 / 14.01.2025
Uch hududda ishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
11:18 / 13.01.2025