Jahon | 16:48 / 28.01.2025
6520
7 daqiqa o‘qiladi

Kongodagi yirik shaharni isyonchilar egallab oldi. Vaziyatga qo‘shni davlat armiyasi aralashgan

Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) sharqida M23 guruhi isyonchilari Goma shahriga kirib bordi va shaharni nazorat qilayotganini ma’lum qildi. Mahalliy aholi vakillari isyonchilar yakshanba kuni kongolez armiyasi ustiga yashin tezligida qilingan hujumdan keyin Goma shahrining markaziy ko‘chalarida navbatchilik qilayotgani aks etgan videolarni tarqatan.

Foto: Getty Images

Shaharning ko‘plab hududlarida elektr va suv o‘chirilgan. Isyonchilar hukumat armiyasi askarlariga qurollarni topshirishni buyurib, buning uchun 48 soatlik muddat belgilagan. Otishmalar chog‘ida halok bo‘lganlar va yaralanganlar borligi haqida xabarlar kelmoqda.

BMT va mamlakat xavfsizlik organlaridagi manbalarga ko‘ra, Goma qamalida isyonchilar bilan birgalikda 3-4 ming atrofidagi ruandalik harbiylar ham ishtirok etgan. AFP agentligi BMTdagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, yakshanba kuni M23 saflarini kuchaytirish uchun Goma hududiga qo‘shni Ruanda davlati armiyasining 1000 ga yaqin askari kelib qo‘shilgan.

Dushanba kuni BMTdagi ikki manba xabar berishicha, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruanda harbiylari Goma shahri yaqinidan o‘tgan chegara chizig‘ida bir-biriga qarata o‘t ochgan, Ruanda tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan isyonchilarning yurishi shu yerdan boshlangan.

BMTning qochqinlar bo‘yicha agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil boshidan buyon Ruanda bilan chegara yaqinidagi Shimoliy va Janubiy Kivu provinsiyalarida jami 400 000 kishi o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Bu 1996 yildan 2003 yilga qadar vaqt oralig‘ida ikki vayronkor urushni boshdan kechirgan mintaqadagi gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.

M23 — qanday guruh?

«23 mart harakati» deb ham tanilgan M23 guruhi — kongolez qo‘shiniga qarshi qo‘liga qurol olgan etnik tutsilarning isyonchi guruhidir.

Guruh hozirgi isyonni 2022 yilda boshlagandi. Ular o‘z harakatlariga Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy qismida tutsilarning oldingi isyoniga barham bergan, 2009 yil 23 martida tuzilgan kelishuvni asos qilib keltirishadi.

Guruh Kongo hukumatini tinchlik kelishuvi shartlarini bajarmaganlikda va mamlakatdagi tutsilarni armiya hamda rahbarlik lavozimlariga integratsiya qilmaganlikda ayblaydi. U shuningdek Kongodagi tutsilarni 1994 yilgi genotsiddagi ishtirokidan keyin (o‘shanda 1 millionga yaqin tutsilar hamda mo‘’tadil xutular o‘ldirilgan) Ruandadan qochib o‘tgan xutular tomonidan asos solingan Ruanda ozodligi demokratik kuchlari guruhidan himoya qilishni ham o‘z oldiga maqsad qilgan.

2012 yil oxirida M23 ma’lum muddatga Gomani egallab oladi, ammo kelishuv imzolab, shaharni tark etadi. 2013 yilda KDR armiyasi va BMT kuchlari guruhni harbiy mag‘lubiyatga uchratadi, ammo bir necha yil o‘tib u yana o‘z faoliyatini boshlaydi.

2025 yil boshidan isyonchilar yangi hududlarni egallashga kirishib, Shimoliy Kivu provinsiyasi markazi hisoblangan Gomaga yetib keladii, bu esa minglab kishilar o‘z uylarini tashlab ketishiga olib keladi.

M23 bir yildan buyon Kongoning Rubayya mintaqasini nazorat qiladi, bu yerda koltan qazib olinadi va BMT ma’lumotiga ko‘ra, qazib olish solig‘idan yiliga 800 000 dollar daromad ko‘radi. Koltan — niobiy va tantalning qimmatbaho rudasi bo‘lib, uning zaxiralarining 80 foizi Kongo hududida joylashgan — bu ruda smartfonlar va boshqa elektron texnikalar ishbab chiqarishda foydalaniladi.

Tahlilchilar fikricha, so‘nggi haftalarda yangi hududlarga kirib kelgan guruh qazib olish ishlaridan oladigan daromadini ko‘paytirgan.

Ruandaning bunga nima daxli bor?

Kongo demokratik respublikasi hukumati, BMT rasmiylari va g‘arbning yirik davlatlari, jumladan AQSh ham qo‘shni Ruandani mojaro qo‘zg‘ash va M23 guruhini qo‘llab-quvvatlashda, buning uchun Kongo hududiga ruandalik minglab harbiylar va og‘ir qurolarni joylashtirganlikda ayblaydi.

Bu ayblovlarga BMT ekspertlar guruhining 2022 yilgi hisoboti asos bo‘lgan, unda aytilishicha, ularda Ruanda qo‘shini M23 guruhi isyonchilari bilan birgalikda jang qilganiga oid «ishonarli dalillar» mavjud.

Ruanda isyonchilarni qo‘llashini rad etadi. Mamlakat hukumati mudofaa choralari qo‘llashini bildirib, KDRni ikki mamlakat hududidagi tutsilarga hujum qilayotgan Ruanda ozodligi demokratik kuchlarini qo‘llashda ayblaydi. 

Yakshanba kuni kekchqurun BMT Xavfsizlik kengashi agressiv «tashqi kuchlar»ni olib chiqishga chaqirilgan bayonot berdi.

Yevropa Ittifoqi kengashi ham Ruanda hukumatini qo‘shni davlat sharqidagi isyonchilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirdi. «Yevropa Ittifoqi KDR sharqidagi inqirozni diqqat bilan kuzatmoqda. Ruanda o‘z qo‘shinlarini KDRdan olib chiqishi kera», dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas. U, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tinchlikparvar missiyasi a’zolariga qilingan hujumlarni nomaqbul deb atadi.

Ruanda qo‘shinlarni olib chiqish haqidagi chaqiriqlarni rad etgan.

«Ruanda chegarasi yaqinidagi harbiy harakatlar hamon Ruanda xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga jiddiy tahdid solmoqda va Ruandadan muntazam mudofaani talab etadi», — deyilgan Ruanda tashqi ishlar vazirligi xabarida.

BMT ekspertlari hisobotida aytilishicha, Ruanda M23 guruhidan Kongo demokratik respublikasi resurslarini o‘zlashtirish va ularni o‘z foydasi uchun xorijga eksport qilishda foydalanmoqda.

Ruanda Kongo DR ishlariga bir necha marta aralashgan. Ruanda 1996 va 1998 yillarda mahalliy tutsilarni himoya qilish bahonasida Uganda bilan birgalikda ushbu mamlakatga bostirib kirgan.

Boshqa kuchlar

BMT tinchlikparvar kuchlari Kongo sharqida harakat qilayotgan ko‘plab isyonchi guruhlarga qarshi kurash bo‘yicha MONUSCO missiyasining ko‘p yillik mandati doirasda kongolez armiyasining M23 guruhiga qarshi kurashdagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Missiyaning Kongodan kelishilgan tarzda olib chiqilishi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli to‘xtatilgan. Dekabr oyi holatiga ko‘ra, mamlakat hududida 11 000 ga yaqin tinchlikparvar joylashtirilgan, ularning aksari mamlakat sharqida.

O‘tgan yil oxirida Janubiy Afrika taraqqiyot hamjamiyati ham Kongodagi harbiy missiyasining mamlakatda qolish muddatini uzaytirgandi.

So‘nggi eskalatsiya chog‘ida xorijiy tinchlikparvar kuchlar kontingentining 13 nafar harbiysi halok bo‘lgan va BMT rahbari Antoniu Guterrish yakshanba kuni Ruanda qurolli kuchlarini Kongodan olib chiqishga chaqirgan.

Mavzuga oid

E`lonlar

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

O‘zbekiston Milliy banki dam olish kunlarida ham siz uchun xizmat ko‘rsatadi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi