O‘zbekiston | 11:34 / 26.12.2015
7053
4 daqiqa o‘qiladi

Seulda SNU va TATU o‘rtasidagi hamkorlikning 10 yilligi nishonlandi

2015 yilning 16-22 dekabr kunlari Janubiy Koreyaning Seul milliy universitetida (Seoul National University, SNU) “Axborot texnologiyalari sohasidagi dunyo innovatsiya tarmog‘i-2015” va “Green Smart taraqqiyoti va istiqbollari-2015” xalqaro anjumanlari o‘tkazilib, ularda TATU Samarqand filiali direktori A. Xoljigitov, TATU Nukus filiali direktori B. Kayipbergenov va TATU Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i A. Radjiyevlar tashkilotchilar qatorida qatnashdilar.

Ushbu anjuman dasturiga binoan, 2015 yil 17 dekabr kuni aynan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti uchun ajratilib, anjuman mobaynida “TATU va Koreya oliygohlarining hamkorligi va kelajakdagi istiqbollari”, “O‘zbekiston va Koreyaning AKT sohasidagi strategik hamkorligining rivoji” va “Elektron hukumati yo‘nalishida O‘zbekiston-Koreya munosabatlarini yanada mustahkamlash” kabi bir qator mavzularda davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu anjumanda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Polsha, Nepal, Janubiy Afrika kabi 12 mamlakatdan kelgan AKT mutaxassislari TATU tomonidan tayyorlangan taqdimotlarni tingladilar. Uchrashuv mobaynida TATU xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i A. Radjiyev, TATU hududiy filiallari direktorlari hamda mezbon oliygoh professori Jun Sok Xvang taqdimot qildilar. Shuningdek, TATUning ikki nafar professori onlayn tizim orqali “Axborot kommunikatsiya texnologiyalarining ta'limdagi ahamiyati”ga oid mavzularda taqdimot qilishdi.

Qo‘shimcha ravishda, hozirgi kunda shartnoma asosida tavsiya etilgan 2 nafar TATU talabasi SNU ITPP dasturi bo‘yicha olib borayotgan ilmiy ishlari bo‘yicha taqdimot qildilar.Ma'lumki, ITPP dasturi 2005 yilda Seul milliy universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar O‘zbekistonning AKT hamda elektron hukumati sohasi uchun yetakchi mutaxassislarni yetkazib bermoqda. Hususan, Nurilla Mahamatov ushbu dastur yordamida 2008 yili PhD darajasini qo‘lga kiritib, hozirgi kunda Inha universitetining Toshkentdagi filialida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, Elyor Raxmanov 2011 yilda ITPP dasturi orqali PhD darajasini qo‘lga kiritib, hozirda elektron hukumatni rivojlantirish markazida direktor o‘rinbosari lavozimida, Hurshid Sultonov esa Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligining o‘quv jarayoniga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Anjumanning yakuniy qismi, 2015 yil 21 dekabr kuni Seul milliy universitetining tantanalar zalida bo‘lib o‘tdi. Ushbu kun Seul milliy universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasidagi hamkorlikning 10 yilligiga bag‘ishlandi.

Marosim davomida SNU professori Jun Sok Xvang hamda TATU xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ayubxon Radjiyev ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlikni kelajakdagi istiqbollari to‘g‘risida taqdimot qildilar.
Ayubxon Radjiyev, TATU Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i