“Qochqin yoxud ko‘chaning bolasi” filmi taassurotlari
Kuni kecha (26 dekabr) Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida rejissyor Bahrom Yoqubov tomonidan suratga olingan “Qochqin yoxud ko‘chaning bolasi” filmi premerasi bo‘lib o‘tdi. Kino saroyining asosiy zali bir necha yillardan buyon omma oldida ko‘rinish bermay kelayotgan rejissyor Bahrom Yoqubov ijodiga qiziqqan tomoshabinlar bilan qariyb liq to‘ldi.
Odatga ko‘ra film ijodkorlari sahnaga taklif etilib, tomoshabinlarga birma-bir tanishtirildi. Biroq asosiy figuralardan biri – film rejissyori ko‘rinish bermadi.
Filmda O‘zbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva, Mirza Azizov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Saida Rametova, Uchqun Tillayev, Behzod Muhammadkarimov, aktyorlardan Bobur Yo‘ldoshev, Alisher Usmonov, Shahzoda Muhammedova bosh rollarni ijro etishgan.
Film ijtimoiy mavzuda suratga olingan bo‘lib, unda oson yo‘l bilan katta boylik topish ilinjida bo‘lgan yigitning ayanchli qismati yoritilgan. O‘rtahol, oddiy oilaning farzandi taksichilik qilib topayotgan puliga “qora qozon”ning qaynayotganidan qoniqmaydi va imkon tug‘ilishi bilan pul topishga kirishib ketadi. Shahardagi taniqli tadbirkorga haydovchi bo‘lish taklifini qabul qilgan yigit asta-sekinlik bilan uning ishonchini qozonadi va tez orada yaqin kishisiga aylanadi. Biroq bu ishonchni suiiste'mol qilib, uning nomidan ko‘pgina qing‘irliklarni amalga oshira boshlaydi. Oqibatda esa barchani o‘ziga qarshi qaratib qo‘yadi...
Aytish joizki, filmning ko‘plab o‘rinlarida tarbiyaviy ahamiyatga molik sahnalarni ko‘rish mumkin. Ayniqsa Mirza Azizov ijrosida onaga bo‘lgan munosabatning oliy namunasi namoyish etilgan. Bosh qahramonning o‘z ukasining ta'lim-tarbiyasiga bo‘lgan e'tibori ham yaxshi ochib berilgan.
Biroq kartina kamchilik va nuqsonlardan ham holi emas. Ayrim o‘rinlarda yosh ijrochilar xatti-harakatida va gap-so‘zlarida notabiiylik ko‘zga tashlangan, sinchkov tomoshabin keyingi o‘rinlarda nimalar bo‘lishini oldidan sezib turishi mumkin. Shunga qaramasdan, film ustida ancha-muncha ter to‘kilgani sezilib turibdi. Uni tomosha qilganlar nafaqat voqealar rivoji, balki bosh qahramonlarning topqirligi, salmoqli mulohazalarining mag‘zini chaqib, ibratli sahnalardan xulosa chiqarishlari ham mumkin.