Galina Melnikova marhum hamkasbi Abdumo‘min O‘tbosarovning so‘nggi kunini yodga oldi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli suxandon Galina Melnikova yaqinda olamdan o‘tgan hamkasbi Abdumo‘min O‘tbosarovni yodga oldi.
“Abdumo‘minning hayotdan ko‘z yumishi men uchun shaxsiy fojia, - tan oldi u. – Chunki bari ko‘z o‘ngimda sodir bo‘ldi. 31 dekabr kuni yo‘l-yo‘lakay mashinasida meni uydan oldi, televideniyega bordik. Yozuv vaqtida birdan tobi qochdi. Tibbiy bo‘limimiz darhol birinchi yordamni ko‘rsatdi, so‘ng tez yordam uni shifoxonaga olib ketdi..”.
“Ham ijodkor, ham inson sifatida benazir edi, - so‘zida davom etdi suxandon. – Madaniyati, ilmi, mehribon, oilaparvar va mas'uliyatliligi, barcha bilan birdek do‘stona muomalada bo‘lishi bilan ajralib turardi. U hamisha talabgir ijodkorlar safida bo‘lgan. Tadbir, bayram, muxlislarning yaxshi kunlari Abdumo‘minsiz o‘tmasdi. U televideniyening yuzi edi, uning o‘rnini bosadigan suxandon yo‘q. Hali qiladigan ishlari ko‘p edi, bevaqt olamdan o‘tdi. “Erkak kishi o‘zidan uy qurib, bog‘ yaratib, farzandlar qoldirishi kerak”, degan ibratli gap bor. Abdumo‘min ham yaqindagina uy qurib, ko‘chat o‘tkazib, ikki o‘g‘lini oliy ma'lumotli qilgandi”.