O‘zbekiston | 11:06 / 16.01.2016
8621
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2030 yilgacha YaIMni 2 barobar o‘stirish vazifasi qo‘yildi

O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotining 2016-2030 yillarda 2 barobar ko‘payishiga erishiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Vazirlar Mahkamasining 2015 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma'ruzasida ta'kidladi.

"Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish natijasida 2030 yilda, yangi turdagi tovarlar tayyorlashni o‘zlashtirish asosida neft-gaz-kimyo sohasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,2 barobar, rangli metall mahsulotlari 2,2 marta, qora metalldan tayyorlanadigan buyumlar 2,3 karra, kimyo sanoati mahsulotlari, jumladan, mineral o‘g‘itlar 3,2 barobar ko‘payishi mumkin.

Zamonaviy texnologiyalar asosida paxta tolasini va meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash tashqi va ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan tayyor, ekologik toza to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2030 yilda 5,6 marta, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmini esa 5,7 karra oshirish imkonini beradi.

Tashqi bozorlarda xaridorgir, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan zamonaviy tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi bosqichga ko‘tarish tayyor mahsulotlar eksportining barqaror yuqori o‘sish sur'atlariga erishishda, hech shubhasiz, katta zamin tug‘diradi.

Shuni aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan. Ayni vaqtda bu ishlar yuqori salohiyatga ega bo‘lgan har bir turdagi istiqbolli xomashyo va yarim fabrikat bo‘yicha chuqur qayta ishlashning 2020, 2025, 2030 yillarga mo‘ljallangan aniq dasturiga ega bo‘lish uchun mutlaqo yangi dasturiy kompleks yondashuvni talab etadi.

Ayni shu ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, ya'ni, jahon iqtisodiyotining rivojlanish jarayonlarini chuqur tahlil qilgan, o‘zimizning resurs va imkoniyatlarimizni real baholagan holda, biz oldimizga aniq maqsadni – ya'ni, 2030 yilga borib mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 2 barobar oshirish vazifasini qo‘yishimiz uchun bugun, hech shubhasiz, barcha asoslarimiz bor.

Bu yo‘lda tub tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish hisobidan sanoatni jadal rivojlantirish va yalpi ichki mahsulotda uning ulushini 2015 yildagi 33,5 foizdan 40 foizga yetkazish, qishloq xo‘jaligi ulushini esa 16,6 foizdan 8-10 foizga kamaytirish, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish evaziga yalpi ichki mahsulot uchun sarflanadigan energiya hajmini taxminan 2 barobar qisqartirishga erishmog‘imiz kerak.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan vazifalar qanchalik asosli ekanini quyidagi hisob-kitoblar ko‘rsatib turibdi. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 2016-2030 yillarda 2 barobar ko‘payishiga erishish uchun o‘rtacha yillik o‘sish sur'atlari 4,8 foiz darajasida bo‘lishini ta'minlash zarur. Agar keyingi 11 yilda bu ko‘rsatkich 8 foizdan yuqori bo‘lib kelganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu vazifani amalga oshirish uchun mustahkam asos va zamin borligi yaqqol ayon bo‘ladi", deydi prezident.