Iqtisodiyot | 15:58 / 17.01.2016
10569
3 daqiqa o‘qiladi

Eronga qarshi sanksiyalarning olib tashlanishi Fors ko‘rfazi davlatlari fond birjalarida qulashlarga sabab bo‘ldi

Fors ko‘rfazi atrofida joylashgan arab davlatlari fond birjalari yakshanba kuni Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning bekor qilinishi manzarasida qulashlar bilan boshlandi. Jumladan, Yaqin Sharqdagi eng yirik Saudiya Arabistoni fond birjasi ("Tadavul") indeksi 6,5 foizga pastladi. Savdolar boshlanishi bilan dastlabki daqiqalardanoq Saudiya Arabistoni indeksi 300 punktga pastlab, 5500 punktdan pastroqqa tushib ketdi.

BAA fond bozorlari ham rekord darajadagi pastlashuv bilan ochildi. Savdolar avvalida Dubay birjasi (Dubai Financial Market General Index - DFM)ning asosiy indeksi 2672,33 punktga qadar tushib ketdi. Uning ortidan poytaxt Abu-Dabi amirligida ham indeks 2,68 foiz - 3837,81 punktga qadar pastladi.

Qo‘shni Qatarda ham vaziyat yomonlashgan. Mintaqadagi ikkinchi eng yirik fond birjasida sessiyalar ochilishi bilanoq indeks 5 foizga pastlab, 8800 punktga yetgan.

Kuvayt birjasi esa 2,4 foiz pastlash bilan 5000 punktlik chegaraga yetib keldi. Indekslarning pastlashiga asosan neft narxining arzonlashgani hamda G‘arbning Eronga qarshi sanksiyalarini bekor qilgani sabab bo‘lgan. Eron hukumati neft qazib olish hajmini oshirish va jahon bozoriga ko‘proq mahsulot kiritish to‘g‘risida e'lon qilib bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 16 yanvar kuni MAGATE rahbari Yukiya Amano Eronning atom bo‘yicha kelishuvni implementatsiya qilish (amalga oshirish) uchun barcha talablarni bajarganini tasdiqladi. Sanktsiyalar bekor qilinganidan so‘ng Eron xorijdagi muzlatib qo‘yilgan hisob raqamlaridan qaytadan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Amerika moliya vazirligining ma'lumotiga ko‘ra, Eronning qariyb 50 milliard dollar mablag‘i muzlatilgan. Shuningdek, Eron neft eksporti hajmini kuniga 500 ming barrelga qadar oshiradi.
Bundan avvalroq esa Qo‘shma Shtatlar moliya vazirligi Eron bilan bog‘liq kompaniyalar va shaxslarning 400ga yaqinini sanktsion ro‘yxatdan chiqargani xabar qilingan edi.

Bundan tashqari, yadro dasturi bo‘yicha kelishuv implementatsiyasidan so‘ng Erondan xorijiy kompaniyalar uchun sanoat sohasida joriy etilgan sanksiyalar ham olib tashlanadi.

Xorijiy firmalar endilikda Eron tuzilmalari, jumladan, avtomobilsozlik, ko‘mir va metallurgiya sanoati sohasida savdo yuritishlari mumkin. shuningdek, xorijliklar Eron markaziy bankida ishlashlari ham mumkin.