Sport | 15:44 / 17.01.2016
31493
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston OTJ futbolchisi Iroqdan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin muxlislarni haqoratladi

O‘zbekiston U-23 himoyachisi, Oliy liganing "Buxoro" jamoasi a'zosi Maksimilian Fomin kecha, 16 yanvar kuni U-23 Osiyo chempionati guruh bosqichi 2-turida Iroq termasiga 2:3 hisobida boy berilgan o‘yindan keyin Feysbukdagi sahifasida muxlislarga haqoratli so‘zlar bilan to‘lgan murojaatini qoldirdi.

Quyida uning muxlislarga rus tilida yo‘llagan so‘kinchli so‘zlari yumshatib, tarjima qilingan:

“Sizlar, (so‘kinadi) internetda biz qanchalik yomon futbolchilar ekanligimiz haqida yozayotganlar va postlar qoldirayotganlar, (so‘kinadi) chakagangizni yoping! Sizning o‘zingiz kimsizlar? Hayotda hech narsaga erisholmagansiz, hech narsani ko‘rmagansiz (so‘kinadi). Ekran orqasiga bekinib, boshqalarning ustidan mag‘zava ag‘darishdan boshqasi qo‘llaringdan kelmaydi (so‘kinish). Haqiqiy muxlis bo‘lganingizda (so‘kinish) jamoangizga loy chaplash uchun vaziyat kutmasdingiz. Muxlis mag‘lubiyatdan keyin ham, g‘alabali o‘yinlardan keyin bo‘lganidek bir xilda jamoani qo‘llab-quvvatlab turishi kerak. Sizlar esa o‘zingizni ablahlardek tutyapsizlar! Agar siz yaramaslar (qattiq so‘kinish) futbolni ozgina tushunganlaringizda edi, bu oddiy o‘yin ekanini, bu o‘yinda har doim ham o‘ylagan ishing amalga oshavermasligini tushungan bo‘lardingiz. Shunday ekan, (yana so‘kinish) bundan keyin biror narsa yozishdan oldin kallangiz ishlatib, o‘ylab ko‘ring. Bunaqa hayvonlik qilmasdan, odamligingizcha qoling!”

"Kun qahramoni"ning bu murojaati u va uning safdoshlariga muxlislarning munosabatini yanada yomonlashtirsa yomonlashtirdiki, u istagan tomonga o‘zgartirgani yo‘q.

"OTJ futbolchisining bu murojaati ko‘rsatib turibdi jamoadagi muhitning qanaqaligini", deydi fikr bildirganlardan biri.

Sport jurnalistlaridan biri, muxlis sifatida futbolchining "baqiriqlari"ning o‘ziga ham qaratilganidan aziyat chekkan holda "Shaxsan men bolalarni ayblamagandim..." deya yozgan.

Post ostida fikr qoldirgan aksar muxlislar esa futbolchiga shu darajada va undan ortiq haqoratli so‘zlar bilan javob qaytarishgan.

Feysbukdagi sahifasiga mashhur ukrainalik murabbiy Valeriy Lobanovskiyning suratini joylab olgan bu futbolchining fotosuratlari orasida Osiyo chempionatiga tayyorgarlik sifatida Dubayda o‘tkazilgan yig‘in vaqtida tushirilgan surat ham bor. Unga "Seychas by pivka, dlya ryvka" deya nom qo‘yilgan.

Bu holatlar shuni ko‘rsatadiki, yosh futbolchilarning professional futbolchiga aylanish bosqichida muammolar yetarli. Muxlis bu futbolchilardan vatanparvarlik kutgani holda, o‘yin so‘nggigacha umid bilan televizordan ko‘zini uzmagani vaqtida ular o‘z irodasiz o‘yini bilan vatanni sharmanda qilgani yetmaganidek, ulardan biri shunday chiqish qildi.

Kun.uz sayti muxlislar nomidan O‘FF tartib-intizom qo‘mitasini bu yosh futbolchining bu harakatini ko‘rib chiqish hamda bundan keyin bu holat takrorlanmasligi uchun kerakli ishlar olib borishga chaqiradi. Bunday choralar nafaqat futbolning, balki futbolchilarning o‘zi uchun ham foydadan xoli bo‘lmaydi. 

Qayd etish joizki, bir necha yil oldin, Meksika maydonlaridagi jahon chempionatidan keyin O‘zbekistonga o‘zini "yulduz futbolchi" hisoblab qaytgan Temur Hakimovga ham shunday choralar ko‘rilgan, u keyingi faoliyatini quyi liga jamoalarida o‘tkazgandi. Bugunda u bir qadar "o‘ziga kelib qolganini" hisobga olinsa, Fomin bilan ham shunday samaraga erilishishiga umid qilish mumkin.