Ekspert: Qambarota GESi hech qachon qurib bitirilmaydi
Qirg‘iziston parlamenti muhokamasiga hukumatning Rossiya bilan hamkorlikda 1-Qambarota GESini va Yuqori Norin GES kaskadini qurish to‘g‘risidagi kelishuv denonsatsiya borasidagi qarori kiritildi. Bu voqeaga Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis, tarix fanlari doktori, professor Aleksandr Knyazev fikr bildirdi.
“Qambarota GESi – eski sovet loyihasi bo‘lib, u o‘sha paytning sharoitidan kelib chiqib ishlangan, - dedi ekspert. – Bu GES Norin daryosida qurilishi kerak edi, u esa o‘z navbatida Sirdaryoning yuqori oqimidir. Bu daryodan foydalanish rejasida gidroelektr energiyasi ishlab chiqarishdan manfaatdor bo‘lgan Qirg‘iziston hamda quyi oqimdagi davlatlar, bu daryoga gidromelioratsiya nuqtai nazaridan qaraydigan O‘zbekiston va Qozog‘iston manfaatlari aniq ajraladi”.
1970-yillarda Norin daryosida Qirg‘iziston To‘qtagul GESini qurgan. Uning masalasi oson hal qilingan: qishda Qirg‘iziston omborlarni suvga to‘ldirar, kamroq enegiya ishlab chiqarar, buning evaziga O‘zbekiston IESlaridan energiya olardi, yozda esa quyi oqimdagi mamlakatlarning qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga monand suv qo‘yib yuborardi. Qambarota GESidan ham shunday ssenariy amalga oshirilishi kutilayotgan edi.
“Ammo hozir O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘izistonga ishonmaydi, shu bois GES ko‘p masalalarni keltirib chiqarmoqda. 1998, 2000 va 2005 yillarda kelishmagan holda To‘qtagul GESidan suv chiqarib yuborilishi salbiy oqibatlarga olib keldiki, bu Bishkekka bo‘lgan ishonchni yanada zaiflashtiradi”, - tushuntiradi ekspert.
Tilga olingan yillarda kelishilmagan holda omborlardan suvning qo‘yib yuborilishi O‘zbekiston va Qozog‘istonda irrigatsion inshootlarning buzilishi va aholijoylarning suv ostida qolishiga olib kelgandi.
Ammo 1990-yillar oxiridan Qambarota GESiga Qirg‘izistonning energetik muammolarining yagona yechimi sifatida qaray boshladilar va u deyarli milliy g‘oyaga aylanib qoldi. Mamlakat rahbariyati, shuningdek, loyiha yordamida kelajakda qo‘shni davlatlarga bosim o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Qirg‘iziston bugungi kunda bunday ulkan loyihani sifatli amalga oshirishga yetarli salohiyatga ega emas. Sifatsiz qurilish ishlari esa seysmik faol hududda xavf keltirib chiqarishi mumkin. To‘g‘onlarning buzilishi 20 mln kishi yashaydigan hududni xavf ostiga qo‘yadi. Shu bois qo‘shni davlatlar, birinchi navbatda, O‘zbekiston Qambarota GESi loyihasiga qarshi chiqmoqda.
Knyazevning ta'kidlashicha, loyihaning amalga oshirilishida ko‘plab muammolar mavjud va shu bois yaqin yillarda bu borada biror o‘zgarish bo‘lmaydi. Chunki gidroenergetika sohasining o‘zi bugungi kunda samarador hisoblanmaydi, va investor tikkan pullarini qaytarib olish uchun keng miqyosli ishlab chiqarish bo‘lishi lozim. Qirg‘izistonda esa bunday ishlab chiqarish yo‘q, bu investorlarni qochirabdigan asosiy omildir.
Qambarota loyihasida esa hech qanday marketing, ulkan miqdorda ishlab chiqariladigan energiya qayerda sotilishi mumkinligi haqida hech qanday tasavvur yo‘q. Qirg‘iziston va Tojikiston energiyasini Afg‘oniston orqali Pokiston va Hindistonga sotish loyihasi bo‘lib, uni AQSh 10 yildan buyon ilgari surib kelmoqda.
Ammo bu loyihani mutaxassis “siyosiy mifologiya” deb atadi.Aynan shu noaniqlik tufayli, Knyazevning fikricha, Qambarota GESi hech qachon qurib bitirilmaydi.
Eldor Asanov tayyorladi