Manba: “Sokker klub” ko‘rsatuvi tufayli Imomxo‘jayevlar “Sport” kanalidan chetlashtirilgan
So‘nggi kunlarda “Sport” telekanali xodimlaridan bir nechtasi o‘z vazifasidan ozod etilgani haqida mish-mishlar yuribdi. Norasmiy manbalarning ma'lum qilishicha, ular orasida sharhlovchilar Zafar va Diyor Imomxo‘jayev nomlari ham bor.
Yangi yilga sanoqli kunlar qolganida “Sport” telekanali direktor va direktor o‘rinbosarisiz qolgandi. Lavozimga tayinlanganiga bir yildan oshmagan bir vaqtda kanal direktori Alisher Hoshimov, qo‘shimchasiga uning o‘rinbosari Zohir Toshxo‘jayev ishdan olingandi. Yangi yildan keyin esa ular safiga yuqorida nomlari keltirib o‘tilgan sharhlovchilar ham qo‘shilgan.
Ayni kunlarda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati davom etmoqda. Uning sharhlarida Zafar va Diyor Imomxo‘jayev ishtirok etmayotgani ham mish-mishlarning asosli ekanidan dalolat beradi. Davron Fayziyev Qatarda bo‘lib turgani va Dohaning o‘zidan reportaj qilinmayotganligini inobatga oladigan bo‘lsak, asosiy yuk Dilshodbek To‘xtabekov, Murod Rizayev, Eldor Mustafoyev kabi sharhlovchilarga tushgan. Yordam tariqasida Hasan Turdialiyev hamda Norbek Niyozov ishga jalb qilingan.
Zafar Imomxo‘jayev shu kunga qadar “Translyatsiya” studiyasi bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi. Endilikda uning muallifligida 10 yildan buyon efir yuzini ko‘rib kelayotgan “Futbol sharhi” ko‘rsatuvi ham to‘xtaydi. “Sport” telekanalida oliy liga o‘yinlarini yoritib boradigan, terma jamoalar ishtirokidagi o‘yinlar tahlili va umuman o‘zbek futbolidagi o‘zgarishlar haqida ma'lumot beruvchi boshqa ko‘rsatuv yo‘q.
Diyor Imomxo‘jayev muallifligidagi “Sokker klub” ko‘rsatuvi ham endilikda efirga uzatilmaydi. So‘nggi bor 1 dekabr kuni ko‘rinish bergan “Sokker klub” norasmiy manbalarga ko‘ra, kanaldagi o‘zgarishlarga asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Sharhlovchining o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda unga berilayotgan savollarga hozircha javob qaytarayotgani yo‘q.
Kun.uz muharriri tomonidan berilgan savolga javob qaytarishni istamagan Diyor Imomxo‘jayev, balki keyinroq bu haqda ma'lum qilishini aytib o‘tgan.