Sport | 19:54 / 20.01.2016
5417
4 daqiqa o‘qiladi

“Bunyodkor” nazorat uchrashuvida “Anji”dan ustun keldi

Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi Sharja yig‘ini doirasidagi birinchi nazorat uchrashuvini Mahachqal'aning “Anji” klubiga qarshi o‘tkazdi.

“Qaldirg‘ochlar” Rossiya premer-ligasi ishtirokchisiga qarshi bahsni hujumkor ruhda boshlashdi. Uyushtirilgan ketma-ket hujumlar 8-daqiqada o‘z samarasini berdi. Jamoa futbol maktabi tarbiyalanuvchisi Sanjar Qodirqulov o‘ng qanotdan ikki futbolchini aldab o‘tib, jarima maydonchasi tashqarisida “Anji” darvozasining yaqin pastki burchagini aniq nishonga oldi – 1:0.

Bo‘lim o‘rtalarida “Anji” hujumchisi Islomnur Abdulavov qanotdan oshirilgan to‘pni boshi bilan Akbar To‘rayev qo‘riqlagan darvozaga yo‘llab, o‘rtadagi muvozanatni tikladi.

36-daqiqada Sanjar Qodirqulov o‘ng qanotda judayam faol harakat qildi. U raqibning bir necha futbolchilarini aldab o‘tib, to‘pni hujumchilarga yetkazdi. “Anji” darvozasi yaqinida Shahzodbek Nurmatov to‘pni egallab olib, deyarli birga-bir vaziyatda darvozani ishg‘ol qildi – 2:1. Birinchi bo‘limda boshqa gol kiritilmadi.

Tanaffusda har ikkala jamoa murabbiylari deyarli to‘liq tarkibni almashtirishdi. Shunga qaramasdan, ikkinchi 45 daqiqalikda ham hujumkor o‘yin sifati saqlanib qolindi. 68-daqiqada Serder Serderovning faolligi evaziga Yannik Bolli yakkama-yakka holatga chiqarildi. Hujumchi bunday vaziyatdan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi – 2:2.

Uchrashuvning ikkinchi bo‘limiga hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalar o‘tib borayotganida Zabihillo O‘rinboyev “qaldirg‘ochlar”ga g‘alaba keltirgan golga mualliflik qildi. Xurshid G‘iyosov tomonidan uzatilgan to‘pni O‘rinboyev boshi bilan “Anji” darvozasiga joylab qo‘ydi – 3:2.

Shu tariqa, “Bunyodkor” BAA yig‘ini doirasidagi birinchi nazorat uchrashuvida Rossiya premer ligasi vakili Mahachqal'aning “Anji” klubini 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi
“BUNYoDKOR” – “ANJI” (Rossiya) 3:0 (2:1)
Gollar: Sanjar Qodirqulov 8 (1:0), Islomnur Abdulavov 23 (1:1), Shahzodbek Nurmatov 36 (2:1), Yannik Boli 68 (2:2), Zabihillo O‘rinboyev 90+2 (3:2)
“Bunyodkor” 1-taym: 45.Akbar To‘rayev, 15.Dilshodbek Ahmadaliyev, 6.Anvar G‘ofurov, 22.Rustamjon Ashurmatov, 2.Akmal Shorahmedov, 9.Minori Sato, 17.Sanjar Qodirqulov, 88.Anvar Rajabov, 11.Shahzodbek Nurmatov, 14.Bahodir Nasimov
“Bunyodkor” 2-taym: 25.Murodjon Zuhurov, 29.Xurshid G‘iyosov, 40.Islomjon Qobilov, 5.Dilshod Jo‘rayev, 28.Ergash Ismoilov, 8.Javlon Ibrohimov, 33.Mirjamol Qosimov, 27.Sardor Sobirxo‘jayev, 39.Javohir Esonqulov, 77.Viktor Karpenko, 19.Zabihillo O‘rinboyev
“Anji” 1-taym: 55.Yevgeniy Pomazan, 7.Kamil Agalarov, 3.Ali Gadjibekov, 5.Aleksandr Jirov, 13.Rasim Tagirbekov, 77.Georgiy Tigiyev, 23.Bernard Berisha, 6.Karlen Mkrtchyan, 20.Amadu Mutari, 37.Batraz Xadartsev, 99.Islamnur Abdulavov
Zaxiradan maydonga tushganlar: 27.Mexti Djyenetov, 61.Anton Belov, 4.Darko Lazich, 2.Andrey Yeshchenko, 15.Georgiy Zotov, 57.Magomed Musalov, 30.Shamil Gasanov, 88.Anvar Gazimagomedov, 47.Tamirlan Djamalutdinov, 18.Ivan Mayevskiy, 96.Djamal Dibirgadjiyev, 28.Serder Serderov, 94.Yannik Boli
Abu-Dabi. “Zayid Sport Siti” majmuasi.