Jahon | 22:07 / 21.01.2016
5670
1 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonning Rossiya GESidan voz kechishini jahon iqtisodiy inqirozi bilan bog‘ladi

Rossiya tashqi ishlar vazirligining fikricha, Qirg‘iziston hukumati Rossiya tomonidan ikkita gidroelektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha kelishuvni bekor qilgani jahon iqtisodiy inqirozi bilan bog‘langan. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma'lum qildi.

Zaxarovaning aytishicha, Qirg‘iziston va Rossiya ushbu masala bo‘yicha muzokaralar vaqtida “yuridik va moliyaviy-iqtisodiy xarakterdagi bir qator obektiv qiyinchiliklarga duch keldilar”.

“Muammolar birinchi navbatda global iqtisodiy inqiroz bilan bog‘liq, bu inqiroz oqibatida qarz mablag‘lari sezilarli darajada qimmatlashib ketdi. Buning oqibatida, kelishuvlarda qayd qilingan holatlar bo‘yicha bu loyihalarni ayni vaqtda deyarli amalga oshirib bo‘lmaydi”, deb aytdi Zaxarova.

Zaxarova, shuningdek, “xalqaro-huquqiy tartibotlar va tomonlarning moddiy-mulkiy manfaatlarini ta'minlash”ga amal qilish muhimligini ta'kidlab o‘tdi.