"Kamolot": O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar faoliyati cheklanmaydi
Joriy yilning 21 yanvar kuni Toshkent shahar hokimligida "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar Kengashi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda Harakatning Toshkent shahar Kengashi raisi M.Zufarov 2015 yil davomida harakatning hududiy Kengashi tizimidagi tuman kengashlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar to‘g‘risida axborot berdi.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari tomonidan berilgan savollarga tegishli javob berildi.
Mazkur anjumandan so‘ng, ru.sputniknews-uz.com saytining “V Uzbekistane mogut ogranichit rabotu sotssetey i messendjyerov” sarlavhali xabari e'lon qilingan. Unda bugungi kunda harakat tomonidan ijtimoiy tarmoqlar, xususan "Telegram”, "Facebook” va "Odnoklassniki”ning texnik va boshqa imkoniyatlarini cheklash masalasi ko‘rib chiqilayotganligi haqida noto‘g‘ri axborot berilgan.
Bu uydirmalar etmaganidek, "Harakat 1996 yilda tashkil etilgan, uning boshlang‘ich tashkilotlari soni 1,3 deb (noaniq raqam) ko‘rsatilib, 500 mingdan ortiq a'zolari mavjud”, degan mutlaqo noto‘g‘ri ma'lumotlar berilgan. Vaholanki, harakat 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2016 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, uning 14 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlari hamda 4 mln dan ortiq a'zolari bor.
Mazkur xabar anhor.uz va podrobno.uz kabi saytlarda ham ko‘r-ko‘rona chop etilgani, ushbu axborot resurslarining sog‘lom axborot muhiti sari harakatlari haqidagi yaxshi tasavvurlarni puchga chiqaray dedi.
Ta'kidlash lozim, bugungi kunda harakat tomonidan internet tarmog‘ida milliy segmentni yanada boyitish, rivojlantirish hamda foydali resurslarni ko‘paytirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. "MIT.uz” – milliy internet tanlovi, Talabalar internet harakati, " Intellect2all” – axborot texnologiyalari tanlovi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligidagi boshqa loyihalar shular jumlasidandir.
Harakat bugungi kunda feysbuk, tvitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega.