Toshkentda yo‘ldagi tirbandlik tufayli qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib olgan haydovchini ikkinchi haydovchi to‘xtatib qoldi
19 yanvar kuni Toshkent shahrining Bratislava ko‘chasida (Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i yonida) "shoshilib turgani uchun" qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib, tirbandlikni aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan Matiz avtomobiliga yo‘l berilmadi. Bu hodisa tasvirlangan videoyozuv Mover xizmatiga joylashtirilgan.
Ushbu videoda Shota Rustaveli ko‘chasidan Bratislava ko‘chasiga kirgan avtomobil qarshisidan, yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda yo‘lning qarama-qarshi qatnov qismidan harakatlanib kelgan, davlat raqami 01 K 093 SA bo‘lgan Matiz avtomashinasi chiqib kelganini ko‘rish mumkin.
Vaziyatni tasvirga olgan haydovchi qoidabuzar Matiz haydovchisiga yo‘l bermagan. Shundan so‘ng qoidabuzar haydovchi avtomobilidan tushib, masalani o‘zi istagan yo‘l bilan hal qilmoqchi bo‘lgan va mashinadan tushib, yo‘lini to‘sgan haydovchi ustiga bostirib kela boshlagan.
"Daryo" nashrida yozilishicha, Matiz haydovchisi "dahanaki jang"ga kirishgan vaqtda tirbandlikda navbatini kutayotgan militsiya xodimi unga tanbeh bergan, hodisa guvohiga aylangan boshqa bir haydovchi esa "yo‘lto‘sar"ni: "Barakalla, ukam! Oxirigacha yo‘l berma, baribir hech narsa qila olmaydi", — deb qo‘llab-quvvatlagan.
Natijada, Matiz haydovchisi mashinasiga o‘tirib, tirbandlikdagi mashinalar qatoriga qo‘shilishga majbur bo‘lgan. Video ostida fikr bildirgan foydalanuvchilar "yo‘lto‘sar"ning bu harakatini ma'qullashgan, Matiz haydovchisi esa tanqid ostiga olingan.