Jamiyat | 15:46 / 24.01.2016
9540
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili dorilarning narxlari va farqlari haqida tushuntirishlar berdi

Bugungi kunda dorixonalarda ayrim dori vositalarining topilishi qiyinligi, turli muassasalarda narxlarning farq qilishi ayrim iste'molchilar orasida tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Bu bilan bog‘liq savollarga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, farmatsevtika fanlari doktori, professor Ismat Azizov javob berdi.

“Hamma xaridorlar ham har bir dori vositasining xalqaro patentlanmagan va bir necha savdo nomlari mavjud ekanini bilishmaydi, - dedi u. – Shifokor dori vositasining birgina savdodagi nomlanishini yozib berishi mumkin, lekin dorixonalar xuddi shu vositaning boshqacha nomlangan turini tavsiya etishadi. Qarabsizki, siz o‘zingiz qidirgan dorini emas, boshqa nomdagisini olasiz. Albatta, kamyob dorilarni topish ba'zan qiyinchilik tug‘diradi. Shuni qayd etib o‘tishni istardimki, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘iga asosan faqatgina kasalliklarni davolash standartlari emas, balki buning uchun zarur bo‘lgan dori vositalari ham tasdiqlangan”.

“Bozorda bir vaqtning o‘zida original dori-darmon bilan birga uning o‘rnini bosa oladigan vositalar ham bo‘ladi, - so‘zida davom etdi mutaxassis. – Oxirgi vaqtlarda patentlanmagan preparatlar farmatsevtik, terapevtik va biologik ta'sir jihatidan sira farq qilmayapti. Asosiy ta'sir qiluvchi modda ikkisida ham bir xil, yordamchi tarkibiy qismi esa farq qilishi mumkin”.

Shuningdek, Azizov dori vositalarining narxlariga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Hattoki dorixonalar bir-biri bilan yonma-yon joylashgan bo‘lsa ham, mashulotlarining ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilari turlicha bo‘lishi mumkin, - uning so‘zlarini keltiradi “Darakchi” nashri. - Shu bois ham bir xil dori vositasining qiymatida farq yuzaga keladi. Qanchalik farq qilishi esa boshqa masala. Ahamiyat bering, har bir dori vositasining ishlab chiqarilgan joyiga qarab belgilangan narxi bo‘ladi. Qonunga binoan dori-darmon va tibbiyot vositalari savdosi ulgurji va chakana tarzda kelishilgan narxlarda amalga oshiriladi. Lekin dori vositalarining ustama narxi ulgurji savdoda 20 foiz, chakana savdoda 25 foizdan oshmasligi kerak”.