Jahon | 10:38 / 26.01.2016
3578
3 daqiqa o‘qiladi

Microsoft planshetlari amerikancha futbol jamoasiga o‘yin vaqtida pand berdi

24 yanvarda AQSh Milliy futbol ligasi doirasida New England Patriots va Denver Broncos jamoalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv nafaqat maydondagi yorqin lahzalar, balki Surface planshetlari bilan bog‘liq ko‘ngilsizlik bilan ham esda qoldi.

Patriots jamoasi o‘yinchilari foydalangan Microsoft kompaniyasining bu planshetlari vaqtinchalik ishdan chiqib qoldi va futbolchilarning achchig‘ini keltirdi. Bu haqda The Verge nashri xabar bermoqda.

Planshetlar shifrlangan tarmoqqa ulangan bo‘lib, faqatgina bitta dasturni ishga tushirishi mumkin. Bu dastur orqali futbolchilar real vaqtda murabbiydan raqibning o‘yin taktikasi haqida ma'lumot oladilar.

Biroq Microsoft’ning qurilmalari uchrashuv paytida ishlamay qoldi. Nosozliklar 20 daqiqaga yaqin davom etdi hamda futbolchilarda salbiy holatni keltirib chiqardi.

Bu orada raqib jamoa Broncos’ning xuddi shunday planshetlari ishlashda davom etgan va jamoa futbolchilari hech andisha qilmay bunday imkoniyatdan foydalanib qolishga harakat qilishdi.

Microsoft vakillarining aytishicha, bu ko‘ngilsizlikda ularning qurilmalarining aybi bo‘lmagan.

“Bizning maydondagi jamoa nosozlik planshetlar bilan emas, balki tarmoqqa ulanish bilan bog‘liq bo‘lganini aniqlashdi. Biz ushbu xizmatni taqdim qiluvchi hamkorlarimiz bilan bu muammoni hal qilish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz”, deb aytdilar kompaniya vakillari.

Patriots planshetlarning ishdan chiqib qolishiga qadar 6-14 hisobida yutqazayotgani bois, jamoa o‘yinchilari barcha alamlarini planshetlarga sochishdi. Misol uchun, futbolchilardan biri qurilma “doimo ishlamasligidan” shikoyat qildi.

Ushbu hodisa Microsoft nomiga ko‘plab tanbehlar bildirilishiga sabab bo‘ldi. Kompaniyaga uchrashuvlar paytidagi ko‘p sondagi reklama roliklari va doimo bemavrid o‘rnatila boshlanadigan Windows’ning yangilanmalari haqida eslatib qo‘yishdi.

Shuningdek, ushbu nosozlikni raqib jamoa axborot texnologiyalari mutaxassislari uyushtirgan degan hazilomuz fikrlar ham bildirildi.

Futbolchilar ushbu nosozlikdan keyin planshetlarni “aypadlar” deb atashni bas qilishganiga ham e'tibor qaratildi. Avval o‘yinchilar va sharhlovchilar Microsoft‘ning raqobatchisi brendini eslatgan holda planshetlarni shunday atashardi.

Techradar portalining ta'kidlashicha, turli omadsizliklar taqib qilayotgan Microsoft‘ning bu reklama tadbiri unga 400 mln dollarga tushgan.

Microsoft va AQSh milliy futbol ligasi NFL o‘rtasidagi hamkorlik dasturi 2014 yilning oxirida boshlangan. 2015 yilda tarmoqlar foydalanuvchilarida futbolchilar Surface planshetlariga g‘azablanayotganlari tasvirlangan anchagina gif tasvirlar yig‘ilib qolgan.