Rim muzeyida Eron prezidenti kelishi munosabati bilan barcha yalang‘och odamlar haykallari panellar ortiga yashirib qo‘yildi
Erondan sanksiyalarning bekor qilinishidan keyin Eron prezidentining Italiyaga tashrifi munosabati bilan Rimdagi Kapitoliy muzeyi xodimlari yalang‘och odamlar haykallarini panellar ortiga yashirib qo‘yishdi, deb xabar bermoqda ANSA agentligi. Eron xalqi va shaxsan prezident Hasan Ruhoniyga hurmat yuzasidan shunday qilindi. Ruhoniy va Italiya bosh vaziri Matteo Rentsi muzeyda matbuot anjumani o‘tkazishdi.
Bundan tashqari, Eron prezidenti ishtirokida o‘tgan rasmiy tadbirlarda stollar ustiga vinolar qo‘yilmadi.
26 yanvarda Eron prezidenti Italiyaga safari davomida Vatikanda Rim papasi Frantsisk bilan uchrashdi. Suhbat 40 daqiqa davomida do‘stona muhitda o‘tdi. Tomonlar terrorchilikka qarshi kurash, Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solish va qurol-aslaha sotishga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilishdi. Tomonlar sabr-toqatli bo‘lish va tinchlikka ko‘mak berish maqsadida dinlararo suhbatning muhimligi borasida bir fikrga keldilar.
Ruhoniyning Italiyaga safari davomida asosan energetika va infratuzilma sohalarida 17 mlrd yevrolik ikki tomonlama kelishuv imzolandi. Eron prezidenti tvitterdagi blogida Italiya bosh vaziri bir necha oydan keyin Tehronga iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun kelishini ma'lum qildi.
27 yanvarda Ruhoniy Parijga yo‘l oladi. Bu yerda ham bir qator shartnomalar, jumladan 100 dan ko‘proq Airbus samolyotini sotib olish bo‘yicha bitim imzolanishi rejalashtirilgan.