O‘zbekiston | 20:59 / 26.01.2016
4830
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi «Toshkent-4» terminali loyihasining texnik-iqtisodiy asosini Inchxon aeroporti konsorsiumi ishlab chiqadi

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 25 yanvar kuni «Toshkent shahar aeroportining yangi xalqaro yo‘lovchi terminali qurilishi» (Toshkent-4) investitsiyaviy loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish bo‘yicha boshlang‘ich majlis o‘tkazdi. Bu haqda Gazeta.uz xabar bermoqda.

KOICA vakolatxonasi xabariga ko‘ra, majlisda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Botir Zakirov, KOICA idorasi direktori Im Jong Xi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori Valeriy Tyan hamda loyihani boshqarish bo‘yicha Inchxon aeroporti konsorsiumi vakili ishtirok etdi.

Toshkent aeroportini Markaziy Osiyoning bog‘lovchi aeroportiga aylantirish, mamlakatimiz raqobatbardoshliligini oshirish maqsadida O‘zbekiston hukumati eskirgan va kichik bo‘lgan xalqaro aeroportni (Aeroport-2) yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini qurish yo‘li bilan almashtirishni rejalashtirgan. Uning texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish esa KOICA’ga topshirildi.

O‘tgan yili Koreya agentligi loyihani amalga oshirish uchun joriy yilning yanvaridan iyuniga qadar loyiha bo‘yicha texnik-iqtisodiy hujjatlar hamda aeroportni boshqarish yuzasidan master-rejani amalga oshiradigan Inchxon aeroporti konsorsiumini tanlagan edi.

Majlisda Inchxon aeroporti boshqaruvchi menejyeri Kim Dong Chyol ishlar rejasi haqida so‘zlar ekan, Koreya tomoni eng yaxshi natijalarga erishish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilishini aytdi. Bunda dunyoning eng yaxshi aeroporti deb tan olingan Inchxon aeroportini boshqarish jarayonida to‘plangan nou-xaulardan foydalanishini ta'kidlab o‘tdi.