Reuters: AQShda Zika virusiga chalinish holati qayd etildi
AQShdan tashqarida sayohat qilib qaytgan Virjiniya shtati fuqarosida Zika virusi aniqlandi. Bu haqda Reuters agentligi xabar qildi.
Agentlikning Virjiniya sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha komissariga tayanib xabar berishicha, amerikalik Zika virusi tarqalgan davlatlardan birida bo‘lib qaytgan. Bunda shtatning boshqa fuqarolariga ham virusning yuqish xavfi yo‘q. Kasallikning tarqalishida katta rol o‘ynaydigan qon so‘rar pashshalar mavsumi emasligi bunga sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Zika kuchli tana harorati, kon'yunktivit (ko‘z shilliq pardasining yallig‘lanishi), bosh va bo‘g‘inlar og‘rig‘i, yallig‘lanish jarayonlari, alohida holatlarda esa ko‘ngil behuzur bo‘lishi va qayt qilish, oshqozonda buzilish va og‘riqlarni keltirib chiqaradi. Kasallikni asosan Aedes aegypti pashshalari tarqatadi. Ayni paytda Osiyo, Afrika, Janubiy va Shimoliy Amerika, Tinch okeani mintaqasi davlatlarida keng tarqalmoqda.