Abdulaziz Komilov ShHT Bosh kotibi bilan uchrashdi
2016 yilning 28 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pekin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Rashid Alimov bilan uchrashdi. Bu haqda tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida ma'lum qilingan.
"Vazir R.Alimovni bosh kotib lavozimini bajarishga kirishganligi bilan tabriklab, Tashkilot doirasida a'zo davlatlar hamkorligini yanada rivojlantirishda ShHT kotibiyatining muhim rol o‘ynashini ta'kidladi.
Bosh kotib O‘zbekiston raisligi ostida ShHT Xartiyasi va boshqa asosiy hujjatlarda belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasidagi izchil tadbirlarni yuqori baholadi.
Suhbat davomida 2016 yil iyun oyida Toshkent shahrida ShHT davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini va joriy yildagi boshqa asosiy tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik jarayoni amaliy jihatdan muhokama qilindi", deyiladi xabarda.