Jahon | 23:29 / 28.01.2016
4513
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda 2015 yilda oltin ishlab chiqarilishi 31 foizga oshdi

2015 yilda Tojikistonda qimmatbaho metallar ishlab chiqarilishi hajmi sezilarli oshdi. 2015 yilda 2014 yildagiga nisbatan oltin ishlab chiqarish 31,6 foizga, kumush ishlab chiqarish esa 61 foizga oshdi. Bunday ma'lumotlarni jurnalistlarga Dushanbeda bo‘lib o‘tgan matbuot-anjumanda Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Shavkat Bobozoda keltirib o‘tdi.

Bobozoda 2015 yilda ishlab chiqarilgan oltin hajmini “sir” ekanligi sababli aytmadi. “Biz 1-raqamli qimmatbaho metall bo‘yicha ma'lumotlarni faqatgina o‘tgan yilga nisbatan foizlarda taqdim qilishimiz mumkin”, deb aytdi Bobozoda.

Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2014 yilda Tojikistonda 3,2 tonnaga yaqin oltin ishlab chiqarilgan. Bundan kelib chiqqan holda, 2015 yilda 4,2 tonna oltin olinganini taxmin qilish mumkin.

Bobozodaning ta'kidlashicha, o‘tgan yili Tojikiston Milliy banki va moliya vazirligi tomonidan mamlakatda ishlab chiqarilgan oltinni sotib olish hajmi ko‘paydi.

Shuningdek, 2015 yilda Tojikistonda tilla buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalar mamlakatda ishlab chiqarilgan oltinni sotib olishni boshlashdi.

Tojikistonda oltin ishlab chiqarish bilan “Zarafshon”, “Aprelevka”, “Odina” qo‘shma korxonalari, Xitoyning China Nonferrous Gold kompaniyasi, mahalliy “Nazira”, “Ganj”, “Barakat” va “Istiqlol” korxonalari va yana bir nechta korxonalar shug‘ullanadi.