Jamiyat | 10:12 / 29.01.2016
4381
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zkommunxizmat” imtiyozli aholi toifalarini sanab o‘tdi

“O‘zkommunxizmat” agentligi bosh direktori U. Xolmuhamedov, “Darakchi” muxbirining savollariga javob berarkan, kommunal to‘lovlarni o‘tashda qaysi aholi qatlamlariga imtiyozlar taqdim qilinganini aytib o‘tdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 14 apreldagi PF 4715-sonli “Keksalarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha eng kam ish haqining tabaqalashtirilgan miqdorida kompensatsiya pul to‘lovlari beriladigan shaxslar imtiyozli toifalarining yangi ro‘yxati tasdiqlandi”, - dedi mutaxassis.

Imtiyozli toifalar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:
1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslardan tashqari (har oyda beriladigan kompensatsiya pul to‘lovlari miqdori, eng kam oylik ish haqiga nisbatan – 50 foiz);
1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar (45 foiz);
Sovet Ittifoqi Qahramonlari, Sotsialistik mehnat Qahramonlari va uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar. Fashist konslagerlarining sobiq voyaga yetmagan mahbuslari, Leningrad shahri qamali davrida ishlagan fuqarolar, ko‘rish qobiliyati bo‘yicha 1-guruh nogironlari, Chernobil halokati oqibatida jabrlangan fuqarolar, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar (45 foiz);
1941-1945 yillardagi urushning mehnat fronti qatnashchilari (25 foiz).