Nazarboyev “yasan-tusan qilib yurgan” milliarderlarni Qozog‘istonga pul tikishga chaqirdi
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “Forbes ro‘yxatidagi yasan-tusan qilib yurgan milliarderlar”ga murojaat qilib, ularni Qozog‘istonga kapital olib kirishga chaqirdi. Bu haqda Tengrinews sayti xabar bermoqda.
“Qozog‘iston biznesni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratdi, - dedi u “Nur Otan” partiyasi s'yezdida. – Biz ko‘p boy odamlarni ulg‘aytirdik: milliarderlarni, millionerlarni. Forbes’dagi jurnallarda suratlari chiqib yotipti. Chiroyli ko‘rinadi, hammasi yasan-tusan qilib olgan, yaxshi kiyingan. Ammo sizlarga bizning mamlakat, davlat – Qozog‘iston boyish imkonini berdi. Shu bois bu yerga pul tiking.
Ofshorlar – bo‘lmagan gap. Bugun ofshorlar yo‘q. Qozog‘iston deyarli barcha davlatlar bilan huquqiy yordam bo‘yicha shartnomalar imzoladi”. Nazarboyev mamlakatga kapitalni qaytarishga mo‘ljallangan qonunchilik o‘zgarishlarini eslatib o‘tdi.