Fan-texnika | 12:29 / 03.02.2016
5624
1 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbektelekom" internet xizmatlari narxi 10 foizga pasaytirildi

"O‘zbektelekom" aksiyadorlik kompaniyasi 2016 yilning 1 fevralidan O‘zbekiston provayderlariga internet trafiki narxini 1 Mbit/s uchun 141,94 dollar miqdorida belgiladi. Bu haqda kompaniya saytida xabar qilingan.

2016 yil yanvarida internet-provayderlari uchun belgilangan narx 1 Mbit/s uchun 156,24 dollar edi.

Internet traffiki narxi ushbu yilda yana bir necha bor pasayishi mumkinligi aytilgan.

Ma'lumot uchun, 2015 yilda tariflar 17 marta pasaytirilgandi. 2015 yilning yanvarida narx 1 Mbit/s uchun 259,29 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, dekabr oyiga kelib, 157,60 dollarni tashkil qildi.

Qayd etish kerakki, oxirgi yillarda O‘zbekistonda axborot texnologiyalari rivojlanishiga alohida e'tibor berilmoqda. Provayderlar uchun narxlar bir necha bor pasaytirilishiga qaramasdan, internet ishlash tezligi Toshkent shahridan boshqa hududlarda sezilarli darajada past holda qolmoqda. Shu bilan bir qatorda, traffik hajmi cheklanmagan tariflar soni ham kam.