Jamiyat | 20:40 / 03.02.2016
4737
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik gubernator o‘z ishiga mas'uliyatsizlik bilan qaragan amaldorlarning uylarida elektr tokini o‘chirtirib qo‘ydi

Qozog‘istonning Aqtobe viloyati gubernatori Berdibek Saparbayev Mulgajar tumani yig‘ilish o‘tkazdi va o‘z ishida mas'uliyatsizlik qilgan rahbarlarga tanbeh berdi. Bu haqda 7news.kz axborot agentligi xabar tarqatgan.

"Ovuldagilar 10 yildan beri elektr tokisiz o‘tirishibdi. Sizlarnikida esa hamisha tok bo‘lgan. Akimning (Hokim - tahririyat) va uning o‘rinbosarining uyida elektr tokini o‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma beraman. Qachonki Kayindida svet yonsa, shunda ularnikida ham yonadi", degan gubernator.

U shuningdek, tuman akimi Serik Shangutovni hududda obodonlashtirish ishlarini ham ko‘ngildagidek olib bora olmagani uchun tanqid qilgan.

"Siz 11 yil ichida atigi 11ta ko‘chaga asfalt yotqizibsiz. Bir yilda bitta. Demak, hali sizga yana 30 yil vaqt kerak. Tumanda asfalt yotqizilishi kerak bo‘lgan ko‘chalar soni aynan shuncha", degan Saparbayev.

Saparbayev Qozog‘istonning turli hududlarida 1990-yillarning avvalidan buyon turli rahbarlik vazifalarida ishlagan. Xususan, u Qizilo‘rda, Janubiy Qozog‘iston Sharqiy Qozog‘iston viloyatlarida faoliyat ko‘rsatgan. U shuningdek, prezident ma'muriyatida ishlagan. Saparbayev 2015 yilning kuzida Aqtobe viloyati rahbari etib tayinlangandi.

Aqtobe viloyati mamlakat g‘arbidagi ulkan sanoat hududi hisoblanadi. Bu viloyat shimolda Rossiyaning Orenburg viloyati bilan chegaradosh. 2014 yilgi ma'lumotlarga ko‘ra, viloyat aholisining 81 foizi qozoqlar, 12,5 foizi ruslar hisoblanadi.