Jamiyat | 14:44 / 03.02.2016
7804
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyalik o‘qituvchi imtihonda bergan savoli tufayli terrorchilik targ‘ibotida ayblandi

Anqara universiteti dotsenti terrorchilikni targ‘ib qilishda ayblanmoqda. The Hurriyet Daily News nashrining ma'lum qilishicha, u imtihon chog‘ida Kurdiston ishchi partiyasi yetakchisi Abdulla O‘jolan haqida savol bergani bois shunday ayblov qo‘yilmoqda.

“Turkiyada siyosiy hayot va siyosiy institutlar” kursining yakunlariga ko‘ra olingan imtihonda siyosatshunoslik fakulteti dotsenti Rishot Barish Unlu talabalarga Abdulla O‘jolanning ikki matnini qiyoslab ko‘rishni taklif qilgan: 1978 yilning “Kurd inqilobi yo‘li to‘g‘risidagi manifest”i hamda 2012 yilning “Demokratik modernizm Yaqin Sharqda lokal tizim konstruksiyasi sifatida” nomli matni.

O‘qituvchi talabalarga turli konsepsiyalar va fenomenlar, jumladan, mustamlakachilik, davlat-millat, inqilobiy zo‘ravonlik va demokratiyaga bo‘lgan yondashuvni taqqoslab ko‘rib, 34 yil ichida kurd ozodlik harakatida ro‘y bergan o‘zgarishlarni aniqlashni topshirgan.

Ammo prokuratura bu xatti-harakatlarda “O‘jolan g‘oyalarini qonunlashtirishga bo‘lgan harakat”ni ko‘rdi. Tergovchilarning fikriga ko‘ra, kurd yetakchisining matnlarini talabalarga bergan Unlu “O‘jolan fikrlariga qonuniy tus berib, talabalar ongida uning siyosiy yetakchi ekanligi haqidagi nuqtai nazarning shakllanishiga zamin yaratgan, aslida esa u shunchaki muddatini o‘tayotgan noqonuniy terrorchi tashkilot yetakchisidir”. Prokuror dotsentni yetti yilga qamashni talab qilmoqda. Unluning ishi o‘ta og‘ir jinoyat sifatida sudda ko‘rib chiqilmoqda.