Jahon | 07:47 / 04.02.2016
7019
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston va Turkmaniston uchta davlat orqali o‘tuvchi temir yo‘lning afg‘on yo‘nalishi bo‘yicha kelisha olmayaptilar

Tojikiston va Turkmaniston uchta davlat, ya'ni Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘onistonni bog‘lovchi temir yo‘lning afg‘on qismi yo‘nalishi bo‘yicha kelisha olmayaptilar.

"Afsuski, ushbu yo‘l bo‘yicha dasturiy hujjatni imzolashga muvaffaq bo‘linmayapti, chunki bizda Turkmaniston bilan hal qilinmagan ba'zi masalalar bor", deb ma'lum qildi Tojikiston transport vaziri Sherali Ganjalzoda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan matbuot-anjumanida.

Ganjalzodaning ta'kidlashicha, temir yo‘lning afg‘on qismi bo‘yicha ikkita yo‘nalish taklif qilingan. Tojikiston taklif qilayotgan qisqa yo‘lning uzunligi 160 km ni, Afg‘oniston taklif qilayotgan va Turkmaniston talab qilayotgan ikkinchi uzunroq yo‘nalishning uzunligi 500 km dan ko‘proqni tashkil qiladi.

"Afg‘oniston bilan barcha masalalar bo‘yicha kelishib oldik, faqatgina Turkmaniston bilan ba'zi masalalarni hal qilish qoldi", deb aytdi vazir.

Vazirning ta'kidlashicha, ayni vaqtda Turkmaniston hukumati tomonidan tomonlar imzolashi kerak bo‘lgan tegishli kelishuv o‘rganib chiqilmoqda. "Bu hujjat imzolangandan keyin loyihani bevosita amalga oshirish bo‘yicha kelishuvni tayyorlashga imkoniyat paydo bo‘ladi, bu kelishuv uch davlat rahbari tomonidan imzolanadi", deb qo‘shimcha qilmoqda Ganjalzoda.

Turkmaniston bo‘lg‘usi temir yo‘lning Afg‘oniston chegarasigacha bo‘lgan o‘ziga tegishli qismini qurib bitkazdi, bu qismning uzunligi 88 km ni tashkil qiladi. Ayni vaqtda Turkmaniston o‘z hisobidan temir yo‘lning Andxa shahrigacha bo‘lgan afg‘on qismini qurish bilan shug‘ullanmoqda.

Tojikiston-Afg‘oniston-Turkmaniston temir yo‘lining qurilishi haqidagi memorandum 2013 yilning martida uch davlat rahbari tomonidan imzolangan. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan.