O‘zbekiston | 08:13 / 05.02.2016
38518
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimining ishdan olinishi sabablari keltirib o‘tildi

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 4 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi: A.Usmonov Toshkent viloyati hokimi vazifasidan ozod qilindi va Zangiota tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Sodiq Abdullayev Toshkent viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Sessiya ishida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘z nutqida viloyatdagi mavjud muammolar, sobiq rahbar yo‘l qo‘ygan kamchiliklarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Sessiyada viloyatdagi mavjud 14 ta tumanning 7 tasida mahalliy byudjyet xarajatlari subventsiya, ya'ni, berilayotgan moliyaviy yordam hisobidan qoplanayotganiga e'tibor qaratildi. Bekobod tumanida mahalliy byudjyet umumiy xarajatlarining 44,1 foizi, Quyichirchiq tumanida 43,2 foizi, Oqqo‘rg‘on tumanida 42,2 foizi, Bo‘ka tumanida 42,1 foizi dotatsiya hisobidan qoplanmoqda.

Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Bo‘ka, Quyichirchiq, Parkent, Yuqorichirchiq, Chinoz tumanlarida sanoat rivojiga, yangi ish o‘rinlarini yaratish masalasiga beparvolik bilan qaralayotgani va bu tumanlarning viloyat sanoatidagi ulushi 1 foizdan ham past bo‘lib qolayotganini izohlashning o‘zi qiyin. Shuningdek, viloyat hududidagi 20 ta yirik sanoat korxonasida o‘tgan yili ishlab chiqarish hajmi pasayib ketgan, 2 ta korxonada esa mahsulot ishlab chiqarilmagan.

Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida uy-joylar barpo etishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda, ular ko‘pincha belgilangan muddatda o‘z egalariga topshirilmayapti. Umuman aytganda, bu uylarni qurayotgan pudratchi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasi, ularni texnika va asbob-uskunalar bilan ta'minlash talabga mutlaqo javob bermasligi bunday noxush holatga sabab bo‘lmoqda va topshirilayotgan uylarning sifatiga, odamlarning kayfiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Toshkent viloyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi asosan savdo-sotiq va qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori bo‘lib qolmoqda. Sanoat sohasini olinadigan bo‘lsa, viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning bu tarmoqdagi ulushi 28,8 foizni tashkil etmoqda. Vaholanki, bu raqam mamlakat miqyosida 38,9 foizni tashkil etadi.

Sessiyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida olib borilayotgan ishlar qoniqarli emasligi tanqid qilindi. Buning tasdig‘ini viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning faqatgina 24 foizi, go‘shtning 27 foizi, sutning esa 20 foizi qayta ishlanayotgani misolida ko‘rish mumkin.

Viloyatda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish rejalari qo‘pol ravishda buzilib, 2 ming 500 gektar sug‘oriladigan maydonlarga boshqa ekinlar ekilgan. Bunday holatlar Bekobod, Yangiyo‘l, Qibray, Bo‘stonliq va Chinoz tumanlarida muntazam ravishda takrorlanib kelgan.

Yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlarga qaramasdan, o‘tgan yili Toshkent viloyatida paxtachilik bo‘yicha 97 ta, g‘allachilik bo‘yicha esa 149 ta fermer xo‘jaligi shartnoma majburiyatini bajarmagan. Ishga ana shunday mas'uliyatsiz yondashuv tufayli Bo‘ka va Bekobod tumanlarining har birida 1 milliard 200 million so‘m, Oqqo‘rg‘on va O‘rtachirchiq tumanlarida esa 500 million so‘mdan zarar ko‘rilgan.

Men bir fikrni ko‘p marta aytganman va uni bugun ham takrorlashga majburman: qayerdaki rahbarlar o‘z zimmasidagi mas'uliyatni unutsa, qayerdaki ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, o‘sha yerda ish orqaga ketadi, bundan qancha-qancha odamlar zarar ko‘radi, eng yomoni, aholining joylardagi hokimiyat idoralariga ishonchi yo‘qoladi, dedi Islom Karimov.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi sessiya kun tartibiga qo‘yilgan tashkiliy masalaning asosiy maqsad-mazmuni ham ayni shu muammoga qaratilganini tushunish qiyin emas, deb fikrini davom ettirdi davlat rahbari. Ya'ni, so‘z Toshkent viloyatining hokimi bo‘lib ishlab kelayotgan A.Usmonovning faoliyati va mas'uliyati haqida bormoqda.

Toshkent viloyatida ish boshlagach, dastlabki paytda A.Usmonovning faoliyatida viloyat oldida turgan vazifalarni amalga oshirish, mavjud muammolarni hal etish uchun birmuncha harakatlar ko‘zga tashlandi. Vaqt o‘tishi bilan bu insonning ishga qarashi va odamlarga munosabatida manmanlik, o‘ziga bino qo‘yish, yon-atrofdagilardan o‘zini yuqori tutish, qo‘pollik, qo‘l ostida ishlayotganlarni mensimaslik, ularning fikri bilan hisoblashmaslik kabi holatlar «ish uslubi»ga aylanib qoldi. Eng yomoni, bunday munosabatlar birinchi rahbar bilan viloyat faollari o‘rtasida katta jardek tushunmovchilik paydo bo‘lishiga olib keldi.

A.Usmonovning ish faoliyatidagi nomaqbul xususiyatlar haqida, o‘z mas'uliyatini oshirishi zarurligi haqida unga ko‘p bor aytilib, suhbatlar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, lekin oyog‘i yerdan uzilib qolgani uchun bu gaplardan u tegishli xulosa chiqarib olmadi va bu o‘z navbatida uning viloyat faollari va jamoatchiligi o‘rtasida obro‘-e'tiborini yo‘qotishiga olib keldi.

Sessiyada A.Usmonov kadrlarni tanlash va lavozimga qo‘yishda g‘arazli maqsad bilan ish ko‘rib, asosan o‘ziga shaxsiy sadoqatda bo‘lgan, lekin zarur bilim va tajribaga, ma'naviy fazilatlarga ega bo‘lmagan shaxslarni turli rahbarlik vazifalariga tayinlagani, Toshkent viloyatining o‘zida yuqori malakali kadrlar yetarli bo‘lishiga qaramasdan, ba'zi bir lavozimlarga o‘zining tanish-bilishlarini olib kelish uning odatiga aylanib qolgani qayd etib o‘tildi.

Masalan, Toshkent viloyati hokimligining axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i lavozimiga A.Hamdamov, viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi vazifasiga B.Qorayev tayinlangan. Shuningdek, u viloyat hokimligining ishlar boshqaruvchisi vazifasiga, kapital qurilish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri lavozimiga, huquq-tartibot, safarbarlik va favqulodda holatlar bo‘yicha tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi guruh boshlig‘i vazifasiga, «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasining bosh muhandisi lavozimiga o‘ziga yaqin odamlarni ishga qo‘ygan.

O‘z shaxsiy manfaatini ko‘zlaydigan bu shaxslar amaldagi qonunchilikni buzib, mansabni suiiste'mol qilish bilan bog‘liq turli jinoyatlarni sodir etishgan. O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar tufayli ularning ayrimlari (A.Temirov, A.Sattorov, O.Mahmudov) jinoiy javobgarlikka tortilgan, ayrimlari (A.Erjigitov, A.Hamdamov, B.Qorayev, S.Samadov) ishdan bo‘shatilgan.

A.Usmonovning yaqin hamtovoqlari bo‘lgan bir guruh shaxslar, jumladan, viloyat hokimining yordamchisi A.Umarov, viloyat hokimligining sobiq ishlar boshqaruvchisi M.Ikromov, viloyat «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi bosh muhandisi Sh.Xo‘jamqulov, Rubber trast shoss mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Ismoilov poraxo‘rlikda ayblanib, ularga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Majlisda A.Usmonovning bunday rahbarlik «uslubi» viloyatni boshqarishda ko‘pgina yangi-yangi muammolarni tug‘dirib, viloyat oldida turgan muhim vazifalarning bajarilmay qolishiga, eng yomoni, viloyat faollari o‘rtasida qarama-qarshilik, nizo va ziddiyatlar paydo bo‘lishiga, muhitning buzilishiga olib kelgani ta'kidlandi.