O‘zbekiston | 11:56 / 09.02.2016
7846
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek bojxonachilari 2015 yilda 6051 dona behayo mazmundagi materiallarning olib o‘tilishiga chek qo‘ygan

Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati bergan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi bojxona xodimlari tomonidan o‘tgan 2015 yil davomida aniqlangan 226 ta bojxona qoidabuzarlik holatlarida 6051 dona behayo mazmundagi materiallarning olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan. Hozirda respublika barcha bojxona postlarida mazkur yo‘nalishda ko‘plab chora-tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Buxoro viloyati, “Olot” chegara bojxona kompleksi orqali kirib kelgan yuk avtotransoprtining haydovchisi, eronlik J.Holid (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘zining uyali telefon apparati xotirasida pornografik, xususan voyaga yetmagan shaxslar ishtirokidagi behayo mazmundagi 3651 dona foto suratlar va 45 dona videolavhalarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirayotgan paytda to‘xtatib qolindi.
Mazkur kompleks xodimlari turkmanistonlik J.Ismatjonovning ham qo‘l telefoni xotirasida pornografik mazmundagi 18 dona foto va 134 dona video lavhalarning olib kirilishiga chek qo‘yishdi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Keles” temir yo‘l bojxona posti xodimlari tomonidan ham shu turdagi bir nechta qonunbuzarlik holatlarining oldi olindi.

Jumladan, “Chelyabinsk-Toshkent” yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchisi B.Asilov qo‘l yuklari orasidagi “Lenovo” nomli noutbuk xotirasida 372 dona behayo mazmundagi suratlarni yashirin tarzda olib kirishga uringani fosh etildi.

Xuddi shu yo‘nalishda kirib kelgan poyezdning yana bir yo‘lovchisi, rossiyalik S.Petrovning mobil telefoni xotirasida esa fahsh tasvirlangan 626 dona foto va 14 dona video materiallar borligi aniqlandi.

“Toshkent-Moskva” yo‘lovchi poyezdi bilan yurtimizga kirib kelgan surxondaryolik A.Xidirovning qo‘l yuklari orasidagi 2 Tb xotiraga ega bo‘lgan tashki xotira qurilmasi(vinchestr)da 121 ta pornografik mazmundagi fotosuratlar va videoroliklar borligi ma'lum bo‘ldi.
Huquqbuzarlar orasida ayollarning ham borligi achinarli holat. Jumladan, Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Do‘stlik” chegara bojxona kompleksi xodimlari tomonidan Qirg‘iziston Respublikasidan kirib kelgan fuqaro A.Zufarovaning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, unga tegishli bo‘lgan planshet xotirasida 57 dona behayolikni targ‘ib qiluvchi videolavhalar borligi aniqlangan.

Andijon aeroportida esa bojxonachilar “Moskva-Andijon” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan fuqaro K.Shodiyevaga tegishli mobil telefonni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, telefon xotirasiga behayolikni targ‘ib etuvchi videoroliklar joylanganligi ma'ulm bo‘ldi.
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan “Moskva-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan F.Igorovaning qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilinmagan 1 dona smartfon yashirincha olib o‘tilayotganligi aniqlangan. Smartfon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda esa uning xotirasida 109 dona behayo mazmundagi videolavhalar borligi fosh bo‘ldi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona surishtiruvlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidantining 1997 yil 10 oktabrdagi PF-1871-sonli Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasiga pornografik materiallarning olib kirilishi ta'qiqlangan.