Jamiyat | 11:51 / 10.02.2016
7879
1 daqiqa o‘qiladi

Boliviyaning kattaligi jihatidan ikkinchi ko‘li qurib qoldi

Boliviyaning kattaligi jihatidan ikkinchi ko‘li bo‘lmish Poopo butunlay qurib qoldi. Bunday xulosaga sun'iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganish natijasida Yevropa kosmik agentligi (EKA) keldi.

Ko‘lning yo‘q bo‘lishi Yer sathi monitoringi bilan shug‘ullanuvchi YeKA Proba-V mini-yo‘ldoshi tomonidan qayd qilindi. Muqaddam 3 ming kv km hududni egallagan havzaning sekin-asta bug‘lanib, qurib borishi 2014 yil aprelida, 2015 yil iyulida va 2016 yil yanvaridagi fotosuratlarni taqqoslash natijasida aniqlandi.

Ko‘lning bor-yo‘g‘i 3 m chuqurlikka egaligi va qurg‘oqchil yerda joylashishi uni iqlimiy o‘zgarishlarga ta'sirchan qilib qo‘ydi. Poopo birinchi marta qurib qolishi emas – 1994 yilda ham shunday holat kuzatilgandi. Uning tiklanishiga yillar ketishi mumkin, yoxud u qaytib tiklanmasligi mumkin.