O‘zbekiston | 16:08 / 11.02.2016
12211
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyalik olimlar O‘zbekistonni eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakatdan biri sifatida e'tirof etishdi

O‘zbekiston Respublikasining Belgiyadagi elchixonasida mamlakatni 2015 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasi bilan yaqindan tanishdilar. Bu haqida “Jahon” axborot agentligi xabar berdi.

Xususan, Yevroparlament maslahatchisi Frank Shvalba-Xot O‘zbekistonga bir necha marotaba tashrif buyurgani va har safar ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lganini ta'kidlab, “O‘zbek modeli” iqtisodiyotni modernizatsiyalash, sanoatni diversifikatsiyalash, yuqori texnologiyalarga asoslangan tarmoqlarni rivojlantirish yo‘lini tutish nuqtai nazaridan ko‘pgina davlatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ishonch bilan aytishim joizki, 2030 yilga borib O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmini ikki baravar oshirishga erishiladi. Mazkur jarayonda o‘zbekistonliklarning milliy o‘ziga xosligi, ya'ni o‘z Vataniga bo‘lgan cheksiz muhabbati va sadoqati katta o‘rin tutadi”, deya fikr bildirgan.

Osiyo tadqiqotlari Yevropa institutining ilmiy xodimi Sebastyano Mori esa o‘z nutqida “O‘zbekistondagi 10 foiz ta'minlangan va 10 foiz yetarlicha ta'minlanmagan aholi daromadlari o‘rtasidagi farq, ya'ni “detsil koeffitsiyenti” deb nom olgan ko‘rsatkich barqaror pasayish tendensiyasiga egadir. Shu ma'noda, Jahon iqtisodiy forumi reytingida O‘zbekiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olgani tahsinga loyiq”, deya alohida e'tirof etgan.