Jamiyat | 15:21 / 12.02.2016
8441
3 daqiqa o‘qiladi

Endi zarur dori vositalarini rasmiylashtirmay ham olib o‘tish mumkin

Yangi tahrirdagi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish va olib chiqish”, deb nomlangan 25-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi hududiga zaruriy dori vositalarini rasmiylashtirmay olib o‘tish mumkin. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mavluda Xo‘jayeva “Darakchi” gazetasiga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

“Masalan, buyrak transplantatsiyasini Hindistonda o‘tkazib kelgan bemorlarimiz qo‘yilgan tana a'zosi keyinchalik “ajralib” (“ottorjyeniye”) ketmasligi uchun umrbod immunitetni pasaytiruvchi maxsus dori vositalarini iste'mol qilib yurishlari kerak. Yoki yurak tomirlarini almashtirgan, ya'ni “shuntlashtirgan” bemorlar doimiy qonni suyultiruvchi varfarin, plaviks degan tabletkalarni ichib turish kerak”, deydi M.Xo‘jayeva. Qonunning ushbu moddasi aynan shunday holatlar uchun.

Yangi tahrirdagi qonunga binoan, dori vositalari va tibbiy buyumlarni rasmiylashtirmasdan olib kirishga quyidagi holatlarda yo‘l qo‘yiladi.

- Mamlakatda bo‘lish davrida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa;

- O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning hududidan tashqarida yashab turgan bemorni davolash-profilaktika muassasasi tomonidan tasdiqlangan tibbiy ko‘rsatma asosida, davolash kursi doirasida davolash uchun mo‘ljallangan bo‘lsa;

- Diplomatik vakolatxonalarning va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning diplomatik hamda ma'muriy-texnik xodimlari, shu jumladan, ular bilan birga yashab turgan oila a'zolarining shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan bo‘lsa;

- O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan transport vositasining yo‘lovchilariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan va tibbiy dorilar qutichasi tarkibiga kiritilgan bo‘lsa.