Jamiyat | 20:37 / 19.02.2016
27112
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda 3 yoshli bolakay umrbod qamoq jazosiga tortildi

Qohira harbiy tribunali 2014 yilda Misrdagi betartibliklarda ishtirok etgan 116 kishini umrbod qamoq jazosiga mahkum qildi. Ajablanarlisi, jazolanganlar orasida yaqinda 4 yoshga to‘ladigan bolakay ham bor.

Bolaning advokati Ramazon Farhodning aytishicha betartibliklar paytida bola 1,5 yoshda bo‘lgan. Bu haqda Newsru.com sayti xabar bermoqda.

Advokatning aytishicha, ayblov hukmi tayyorlanish vaqtida u xavfsizlik xizmatlariga bolaning haqiqatda go‘dak ekanligini isbotlash uchun uning tug‘ilgani haqidagi guvohnomani bergan, biroq hujjatlar qabul qilinmagan va ish baribir sudga oshirilgan.

2014 yil 3 yanvardagi namoyishlar ishtirokchilariga ayblov hukmi harbiy tribunal hakami tomonidan sirtdan chiqarilgan. Barcha ayblanuvchilar qotillik, politsiyachilarga qarshilik ko‘rsatish va mol-mulkka shikast yetkazish aybi bilan umrbod qamoq jazosiga tortildilar.

Gap "Musulmon birodarlar" islom harakati tarafdorlari va Misr huquq-tartibot muassasalari xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar haqida ketmoqda. Bu to‘qnashuvlar davomida kamida 17 kishi o‘ldirilgandi.