Angliyalik futbolchi boshiga to‘p tegishidan orttirgan jarohati tufayli 31 yoshida faoliyatini yakunladi
Angliya premer-ligasi vakili «Stok Siti» jamoasi himoyachisi Endi Uilkinson boshidan olgan jarohati tufayli 31 yoshida futboldan ketishi haqida ma'lum qildi. U o‘z tvitteriga xayrlashuv maktubini qoldirgan.
Bu futbolchining oxirgi o‘yini 2015 yilning 14 fevral kunida Angliya Kubogi doirasida «Blekpul»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv (1:4) bo‘lib qoldi. Uning 1 yil oldingi o‘yin vaqtida boshidan olgan jarohati miya faoliyatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatgani ma'lum bo‘ldi.
«To‘p ro‘paramdan kelgandi. Men o‘sha vaziyatda hujumga qo‘shilgandim. Ortga qaytayotganimda angladimki, ko‘zlarim yaxshi ko‘rmayotgandi. O‘yinni shu holatda o‘tkazdim», deydi futbolchi.
O‘tgan yilning yozida «Stok Siti» bu futbolchisi bilan u jarohatidan tuzalmagan bo‘lsada, uni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi shartnoma tuzgandi.
Uilkinson faoliyatining asosiy qismini «Stok Siti»ga bag‘ishladi. U jamoa safida 160ta o‘yinda maydonga tushgan. U shuningdek, turli yillarda «Telford Yunayted», «Partik Tisl», «Shryusberi Taun», «Blekpul» va «Milluoll» kabi jamoalarda ijara asosida o‘ynagan, uning jami o‘yinlari soni 205ta bo‘lgandi.