O‘zbekiston | 16:09 / 09.03.2016
19651
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda davlat xodimlarining odob-axloq qoidalari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi 2 martdagi qarori asosida davlat xizmatchilari uchun odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqladi. Ushbu chora xizmat majburiyatlarini samarali bajarish uchun qabul qilingan.

Hujjatda davlat xizmatchilari faoliyatining asosiy tamoyillari belgilangan: qonuniylik, fuqarolarning huquq, erkinlik va qonuniy talablari ustuvorligi, vatanparvarlik, xizmat vazifasiga sodiqlik, odillik, halollik va betaraflik.

Davlat xizmatchilari majburiyatlari qatoriga O‘zbekiston urf-odatlariga hurmat bilan qarash, Respublika hududida yashayotgan barcha millatlar, ijtimoiy guruhlar a'zolari xususiyatlari va talablarini hisobga olish ham kiritilgan.

Ishga kirish vaqtida xizmatchi ushbu qoidalar bilan tanishib, ularni bajarish majburiyatini oladi. Ushbu qoidalarni buzish uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan. Har bir muassasada besh kishidan iborat komissiya tashkil qilinadi. Davlat xizmatchilar xususiy manfaat va xizmat manfaatlari qarama-qarshiligiga duch kelsa, bu haqda o‘z boshlig‘iga xabar berishi shart hisoblanadi.

O‘zbekiston Adliya va Mehnat vazirliklari 2016 yil davomida ushbu qoidalar qabul qilinishini kuzatib borishi belgilangan.