O‘zbekiston | 17:30 / 11.03.2016
2103
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda iste'molchilar shikoyatlarining 58 foizi kommunal xizmatlar yuzasidan kelib tushgan

O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, o‘tgan 2015 yilda Qo‘mita va uning hududiy organlariga iste'molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha jami 5141 ta ariza va shikoyatlar kelib tushib, shundan 3335 tasi yozma, 1806 tasi ishonch telefoni orqali tushgan.

Yozma arizalarning 92,5% iste'molchilar foydasiga hal qilindi va 1325,5 mln. so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilib berilgan. Ishonch telefoni orqali tushgan murojaatlarning 61,9% bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan va 328,9 mln.so‘m iste'molchilar hisobiga qayta hisob-kitob qilindi, 38,1% bo‘yicha Qo‘mita vakolatlari doirasida tegishli tushuntirishlar berilgan.

Murojaatlarning 58 foizi kommunal xizmatlar sohasiga tegishli bo‘lib, aksariyat iste'molchilar uy-joy-kommunal xizmatlari tariflarini to‘lashda yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlar, ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlarining sifati, qo‘shimcha haq hisoblash kabi holatlar keltirilgan.

O‘tgan hisobot davrida eng ko‘p murojaatlar Qo‘mita markaziy apparatiga 1738 ta, Toshkent shahar hududiy organiga – 994 ta, Andijon (397 ta), Toshkent (333 ta), Xorazm (290 ta) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.

2015 yil yakunlari bo‘yicha jami bo‘lib 7732 ta iste'molchi qabul qilinib, shundan 5049 tasi gaz ta'minoti, 42558 tasi elektr ta'minoti va 117 tasi boshqa kommunal xizmatlarga to‘g‘ri kelgan. Shundan, 5641 ta murojaatga tegishli tushuntirishlar berildi, 1757 ta iste'molchining muammosi joyida hal etildi. Umumiy summasi 391,1 mln.so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib, shundan 226,5 mln.so‘mi gaz ta'minoti va 164,6 mln.so‘mi elektr ta'minoti bo‘yicha.