Jahon | 08:21 / 18.03.2016
2029
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: Saudiya Arabistoni neftdan voz kechmoqda

Saudiya Arabistoni hukumati neftdan mamlakatning asosiy daromad manbai va energiyani ta'minlashning resursi sifatida voz kechmoqda. Qirollik o‘z e'tiborini qayta tiklanuvchi energiya manbalariga qaratmoqchi. Bu haqda Saudiya Arabistoni neft vaziri Ali al-Naimiy ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Bloomberg agentligi.

“Qayta tiklanuvchi energiya uchun Saudiya Arabistonidan yanada mukammalroq boshqa davlat bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman”, deb aytdi vazir. Al-Naimiy buni qirollikda quyosh nurining mo‘lligi, ishlatilmaydigan katta hududlarning mavjudligi hamda qumning serobligi bilan tushuntirmoqda. Bularning barchasi quyosh elektr stansiyalarini qurish uchun eng asosiy omillar hisoblanadi.

Biroq al-Naimiy davlatlar yaqin 50 yil ichida neftdan butkul voz kecha olishlariga ishonmasligini aytdi.

“Yaqin 50 yillik ichida insoniyat yonilg‘idan voz kechmaydi, darvoqe bu uncha ham yomon emas”, deb aytdi al-Naimiy.

Saudiya Arabistoni bir necha bor o‘z iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va neft eksportidan bog‘liqlikni kamaytirish bo‘yicha katta ko‘lamli rejalarini e'lon qilgan.