Sport | 19:43 / 18.03.2016
3444
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek futboliga asos solinganining 104 yilligi nishonlanmoqda

Bugun mustaqil O‘zbekistonda futbolning rivojiga asos solgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 18.03.1993 yildagi 144-son-sonli “O‘zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilingan kun.

Qayd etish kerakki, ushbu qaror qabul qilingach, O‘zbekistonda futbol tez suratlarda rivojlanishga yuz tutdi. Bugun esa O‘zbekistonda barpo etilgan futbol inshootlari va infratuzilmasi hamda yaratilgan sharoitlar rivojlangan davlatlardagi sharoitlar bilan raqobatlasha oladi. Hozirgi kunda respublikada bolalar va o‘smirlar futboli, professional futbol, futzal, ayollar futboli va ommaviy futbolni rivojlantirish uchun barcha huquqiy va normativ asos yaratilgan.

O‘zbekistonda futbol dastlab Farg‘ona vodiysida paydo bo‘lgan. 1912 yil Farg‘ona va Qo‘qonda eng birinchi futbol jamoalari paydo bo‘lgan. Dastlabki jamoalar turli korxonalarda ishlayotgan ishchilardan tashkil tuzilgan. Farg‘ona viloyati birinchi chempionati 1914 yilda bo‘lib o‘tgan. Sobiq Ittifoq tarkibida O‘zbekiston vakillari 1920 yillardan boshlab turli musobaqalarda qatnasha boshlagan.

1928 yil O‘zbekiston Milliy Terma Jamoasi tuzilgan. Bu terma o‘sha yili Moskvada bo‘lib o‘tgan Butunittifoq spartakiadasida qatnashib kelgan. O‘tgan asrning 30-yillarida o‘zbekistonlik futbolchilar Norvegiya va Germaniya havaskor terma jamoalari ustidan g‘alaba qozonishgan.

1939 yildan boshlab O‘zbekisonning yetakchi jamoalari, "Dinamo", "TODO", "Spartak" (Toshkent), Sobiq Ittifoq Kubogi va "B" toifali jamoalar birinchiligida qatnasha boshlashadi.

1956 yilda Toshkentda hozirgi kunga qadar o‘zbek futbolining eng muvaffaqiyatli va mashhur jamoasi hisoblanadigan "Paxtakor" jamoasi tuzildi.

1991 yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishdi. Uch yil o‘tar-o‘tmas, 1994 yilda O‘zbekiston OFK va FIFAning to‘laqonli a'zosiga aylandi va jahonda bo‘ladigan barcha nufuzli musobaqalarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi sanaladi. O‘shanda Rustam Akromov boshchiligidagi terma jamoa final uchrashuvida Xitoy terma jamoasini 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi musobaqalar o‘tkazish faoliyatini professionallashtirish yo‘lida 2009 yil O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi tuzildi. Ushbu liga mamlakatda o‘tadigan futbol bo‘yicha Oliy va Birinchi liga musobaqalarini o‘tkazishni o‘z zimmasiga oladi.