Sport | 20:06 / 20.03.2016
2128
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda barcha olimpiyachilarni doping tekshiruvdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Braziliyadagi yozgi Olmipiya o‘yinlari oldidan Olimpiya litsenziyalarini qo‘lga kiritgan barcha o‘zbekistonlik sportchilarni dopingga sinovdan o‘tkazmoqchi, deb ma'lum qildi MOQning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Bahodir Husanxo‘jayev.

Doping-sinovlarni iyun-iyul oylarida Jahon antidoping agentligi (WADA) rasmiy vakili ishtirokida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shundan keyin bu namunalar WADA’ning mintaqaviy vakolatxonasi – Qozog‘istonda joylashgan Markaziy Osiyo antidoping agentligiga yuboriladi. Ular o‘rganilgandan keyin O‘zbekiston MOQ natijalarni oladi.

“Joriy yilning o‘zida 60 sportchini musobaqadan tashqari doping-sinovdan o‘tkazmoqchimiz. Ta'kidlash joizki, oxirgi uch yil ichida bizning birorta sportchida dopingga ijobiy namuna bo‘lmagan”, deb aytdi Husanxo‘jayev.

O‘zbekiston MOQ vakili ko‘plab olimpiyachilar qonida mildronat moddasi aniqlangani bilan bog‘liq vaziyatni oddiy e'tiborsizlik deb atadi. Uning aytishicha, WADA 2015 yil martdayoq barcha sportchilar va federatsiyalarni o‘z sayti orqali bu dori vositasi o‘rganilayotgani, u kiritilgan taqiqlangan ro‘yxat kuchga kirishidan 3 oy avvaloq chop etilgan.

Bundan tashqari, Husanxo‘jayev shifokorlar, sportchilar va federatsiyalar vakillari bilan aloqalarni kuchaytirish zarurligiga alohida e'tibor qaratdi. Mutaxassis hozirda sportchilar kasal bo‘lganda birinchi uchragan dorixonadan dori vositasi sotib olib, so‘ngra doping-sinovlarda muammolarga duch kelishlari holatlari mavjudligini ta'kidlab o‘tdi.

“Terma jamoalar shifokorlariga sportchi istalgan vaqt ularga telefon qilib, maslahat olishi uchun telefonlari 24 soat davomida ishlab turishi lozimligini yetkazish zarur. Sportchilarning o‘zlari esa ular biror-bir dorini faqatgina jamoa shifokori orqaligina qabul qilishlari kerakligini uqib olishlari lozim”, deb aytdi Husanxo‘jayev.

Husanxo‘jayevning aytishicha, e'tibor qaratish kerak bo‘lgan yana bir muhim jihat – bu taqiqlangan vositalardan davolashda foydalanishni to‘g‘ri rasmiylashtirishdir, bu hozirda ko‘plab sportchilar tomonidan keng foydalanmoqda.

O‘zbekiston Olimpiya harakati tarixida shunday holat ikki marta bo‘lgan. Bunday holatlardan birida federatsiyalardan biri o‘z sportchisiga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha zarur bo‘lgan taqiqlangan vositani ukol qilgan. Bir necha kundan keyin WADA e'tirozlar bildirganda, barcha jarayon davolash orqali rasmiylashtirilgani uchun hech qanday muammo bo‘lmagan.

“Boshqa holat London Olimpiadasida yuz bergan. Sportchimizga zudlik bilan ukol qilish kerak bo‘lgan, bundan oldin barcha zaruriy hujjatlar qoida bo‘yicha to‘ldirilgan va hech qanday muammo yuzaga kelmagan. Bunday vaziyatlarda taqiqlangan vositalarni qo‘llash tartibini aniq bilish kerak. Avval shifokor MOQga zaruriy hujjatlarni topshiradi, biz uni WADA’ning mintaqaviy bo‘limiga beramiz, u yerdan esa markazga jo‘natiladi. Bundan keyin WADA’ning o‘zi sportchiga va uning shifokoriga u bu vositani ishlatish mumkin-mumkinmasligi, qanday miqdorda va qanday muddatlarda ishlatishi bo‘yicha tasdiqlov jo‘natadi”, deb aytdi MOQ mutaxassisi.