Jamiyat | 14:20 / 21.03.2016
10187
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zaro samimiyat, mehr-oqibat bayrami

Navro‘z insoniyatning eng qadimiy bayramlaridan biri bo‘lib bir necha ming yillardan beri o‘zbekning o‘zligini namoyon etib kelayotgan qadriyatidir.

Ma'lumki, Navro‘z Sharq xalqlarining bahor bayrami sifatida ming yillar mobaynida insoniylik, mehr-muruvvat, mehnatsevarlik, sabr-toqat kabi qadriyatlarni namoyon etgan xolda nishonlanadi.

Bu bayram insoniyat o‘zligini ilk bor yorqin namoyon eta olgani bilan ham ahamiyatlidir. Navro‘z bayrami 21 martdan boshlanib bir necha kunlab davom etgan. 2009 yilning 30 sentabr kuni Navro‘z YuNeSKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yhatiga kiritilgan edi. Qaror Tashkilotning nomoddiy merosni saqlash hukumatlaroro qo‘mitasining 24 nafar a'zosi tomonidan tasdiqlandi. 2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi 21 martni “Xalqaro Navro‘z kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risidagi qarorni bir ovozdan qabul qildi. Qabul qilingan rezolyutsiyada mazkur bayram madaniyatlaroro muloqot va o‘zaro tushinishni rahbatlantirishi ta'kidlanadi. Shu tariqa Navro‘z biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining bir qismi sifatida nishonlanmoqda.

Endilikda sayyoramizda istiqomat qiluvchi har bir inson xalqaro bayramning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanadigan bo‘ldi. Navro‘z yaxshi qo‘shnichilik, xamkorlik, madaniyatlaroro muloqotlarni rahbatlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Bu bayram endilikda xalqaro xamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynashiga hech kim shubha qilmayapti. BMT Bosh Assambleyasi qabul qilgan rezolyutsiyada Navro‘z keng nishonlanadigan davlatlarning bayram bilan bog‘liq anana, madaniyatini saqlash va rivojlantirish borasidagi xatti-harakatlari yuksak baholanadi. Endilikda, BMT tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, Navro‘z nishonlanadigan mamlakatlar bayram bilan bog‘liq anana va uning kelib chiqish tarixini o‘rganib, bu merosni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishlari kerak bo‘ladi.

Bosh Assambleya BMTning barcha a'zo davlatlariga murojjat qilib, Navro‘z haqida axborot berishni kuchaytirish, shu bilan birga zarurat tug‘ilganda BMT va xalqaro hamjamiyatning ixtisoslashgan tuzilmalari, fond va dasturlari hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, noxukumat tashkilotlari tomonidan har yili Navro‘z tantanalarini tashkillashtirishi yuzasidan maslahat berdi.

“Navro‘z”ning qachon va qanday vujudga kelganligini aniq ko‘rsatish qiyin. Shunday bo‘lsada, ishonch bilan aytish mumkinki, bu bayram dono va zukko kishilar tomonidan kashf qilingan. Chunki “Navro‘z” koinot va tabiat qonuniyatlari, ya'ni quyoshning hamal burjiga kirishi, kecha va kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanish yuz berishi, bahorning kelishi bilan bog‘liq tarzda ilmiy asoslanib belgilangan. Bu esa har qanday jamiyatda “yil boshi” (qachon kelishidan qat'i nazar) Navro‘zni tabiat bayrami sifatida nishonlash uchun asos bo‘lgan. Aslida Navro‘z ibtidoiy jamoa davrida odamlar dehqonchilikka yangi ish mavsumi boshlashdan oldin o‘tkazadigan bahor bayrami sifatida shakllangan. Zamonlar o‘tishi bilan bu bayram takomillashib, unga mos kun aniqlangan. U “yil boshi” sifatida belgilanib, unga “Navro‘z” (ya'ni, “Yangi kun”) degan nom berilgan, deb taxmin qilish mumkin.

Navro‘z shamsiy yangi yilning boshlanishi hisoblanib, tarixi minglab yillarga borib taqaladi. Navro‘zni nishonlaydigan har bir mamlakatda o‘ziga xos an'analari mavjud. Eronda bu "haft sin", ya'ni "s" harfidan boshlanadigan yetti xil noz-ne'mat bilan bezatiladi. Afg‘onistonning Mozori Sharifida hazrat Ali maqbarasida "Janda Bolo" marosimiga minglab kishilar yig‘iladilar.

Navro‘z sharq xalqlarining sevimli va bosh bayrami xisoblanadi. Jumladan Ozarbayjonda ham Navro‘z keng nishonlanadi. Bayramning birinchi kuni odamlar daryo yoki buloqqa borib, uning suvini bir-birlariga sepadilar. Ozarbayjonliiklar suvni poklik va tozalik ramzi sifatida ko‘rishadi. Shu tariqa ular yangi yilda bir-birlariga baxt-saodat tilaydilar. Shundan so‘ng bir-birlarini shirinliklar bilan mehmon qiladilar. Navro‘z kuni albatta shirinlik istemol qilish ularning azaliy odati hisoblanadi. Markaziy Osiyo xalqlari Navro‘zni deyarli bir xil kutib oladilar.

Ba'zi davlatlarda bu bayram rasmiy taqiq va ma'n qilishlardan omon qolgan, asrab kelingan bir an'anadir. Zaminga bahor kelishi bilan barcha yurtlarda milliy bayram va an'analar boshlanadi. Chunki dunyo xalqlarining har birida ko‘klam fasli va yangi yilga bag‘ishlangan an'ana-yu, rasm-rusumlar bor. Ularning barchasi o‘ziga xos va jozibali. Jumladan, Xitoyda yangi yil ayyomi yanvar oyi oxiri fevral oyi boshlariga to‘g‘ri keladi. Yangi yilni nishonlash "uy tozalash"dan, eskirgan buyumlarni chiqarib tashlashdan boshlanadi. Bu qadimiy yurtda yangi yil tantanalari "Chun jqe"- bahor bayramiga ulanib ketadi.

Eramizdan avvalgi ikkinchi asrdan beri nishonlanib kelinayotgan "Chun jqe" bayramining mazmun-mohiyati, ya'ni xonadonlarda mehmon kutish, mehmonga borish, qariyalarni ziyorat qilish, bolalarni xursand qilish, dehqonchilik ishlariga kirishish odatlari xuddi bizning Navro‘z udumlarini anglatadi.

Tinch okeanidagi bir qator orollardan iborat Fiji mitti mamlakatida qishdan bahorga o‘tish keskin bilinmaydi. Dengiz havosi doim mo‘'tadillikni saqlab turadi. Biroq Fiji gulining ochilishi bahor kelganidan darak beradi. Aholi bahorni alqab, turli tadbirlar o‘tkaza boshlaydi.

Kunchiqar mamlakat Yaponiyada bahorning dastlabki haftasida "Moma-no sekku"-o‘rik guli bayrami nishonlanadi. Dehqonlar shu kuni bir-birlarini bahor ayyomi boshlanishi bilan qutlab, dalaga chiqadilar. Yaponiyada o‘rik gullashi nafosat va bahoriy go‘zallikka qiyoslanadi.

Taylandning Chiangmay shahrida har yili fevral oyining birinchi jumasida "Gullar sayri" marosimi boshlanadi. Bu marosim yurtga bahor kelganligidan dalolat bo‘lib, ikki kun ichida butun mamlakatga yoyiladi. Tayland ko‘chalari qo‘llarida anvoyi gullar tutgan va bashang kiyingan yoshu-qari bilan gavjumlashadi. Yoshu-keksalarning bir-birlariga gul taqdim etib, qutlashlari bahor ramzidir.

Ruminiya va Moldova mamlakatlarida bahorning ilk kunida "Mertsishor" tantanasi bo‘lib o‘tadi. Shu kuni odamlar bir-birlariga oq va qizil dastro‘mollar taqdim etadi. Dastro‘mol olgan kishilar uni bir oy avaylab saqlab yurib, 1-aprelda daraxtga ilib qo‘yadilar. Bu-bahor darakchisidir. Bahorning asosiy tadbirlari shundan so‘ng boshlanadi.

Skandinaviya xalqlari bahorni May oyida kutib oladilar. Tarixiy an'anaga ko‘ra, dengizchi va uy bekasi ko‘rinishida kiyingan bir guruh yigit-qizlar dengiz yoki o‘rmon chetida katta gulxan yoqib, uning atrofida sho‘h raqslar tushib, bahorni kutib oladilar. Shundan so‘ng aholi maskanlarida ko‘klam fasli tadbirlari avj oladi.Bahoriy an'ana va bayramlar qanday holatlarda nishonlanmasin, hammaning chehrasida bizning Navro‘z ayyomimizdek o‘zaro samimiyat, mehr-oqibat tuyg‘ulari hukm suradi.

Sharofiddin To‘laganov