Jahon | 08:54 / 21.03.2016
1479
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda parlament saylovlari natijalari e'lon qilindi

Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 20 martda mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida 7,5 mln aholi ishtirok etdi. Bu umumiy saylovchilarning 77,1 foizini tashkil qiladi.

Mamlakatning eng yirik shahri Olmaotada bor-yo‘g‘i 34,1 foiz saylovchi ovoz berdi. Biroq shunga qaramay Olmaotada saylovlarda ishtirok etish bo‘yicha eng yuqori – 94 foizlik ko‘rsatkich qayd etildi.

Ekzit-pol natijalariga ko‘ra, Qozog‘istonning yetakchi “Nur Otan” partiyasi 82 foiz yig‘di. “Ak jol” demokratik partiyasi va Kommunistik partiya 7 foizlik chegaradan o‘tdi: saylov uchastkalaridan chiqishda 75 ming saylovchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra partiyalar mos ravishda 7,22 va 7,17 foiz ovoz to‘plagan. «Auil», «Bіrlіk» va Qozog‘iston umummilliy sotsial-demokratik partiyasi mos ravishda 2,5, 1,21 va 0,35 foiz to‘pladi.

Shu tariqa parlamentga 7 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagan uchta partiya – Nur Otan”, “Ak jol” demokratik partiyasi va Kommunistik partiya o‘tdi.

Ovoz berish 9840 ta saylov uchastkasida bo‘lib o‘tdi, ulardan 65 tasi Qozog‘istonning xorijdagi vakolatxonalarida faoliyat yuritdi. Saylovchilar ro‘yxatiga hammasi bo‘lib 9 791 165 fuqaro kiritilgan edi.

2012 yildagi parlament saylovlarida ham shunga o‘xshash natijalar kuzatilgandi: o‘shanda “Nur Otan» 81 foiz, «Ak jol» va Kompartiya mos ravishda 7,47 va 7,19 foizdan ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgandi.