Jahon | 16:00 / 23.03.2016
2046
2 daqiqa o‘qiladi

Bryussel aeroportidagi terakt ijrochiligida gumon qilinayotganlarning shaxslari aniqlandi

Belgiya politsiyasi Bryussel aeroportida portlashlar sodir etgani gumon qilinib, suratlari tarqatilganlarning shaxsini aniqladi. Bu haqda RTBF xabar tarqatgan.

Xabarda qayd etilishicha, aeroportdagi portlashdan oldin yuklari bilan ketayotganida kuzatuv kameralari nigohiga tushgan bu shaxslar aka-uka Ibrohim va Xolid Bakruy hisoblanadi.

Manbaning politsiyachilarga asoslanib xabar berishicha, aynan ular portlovchi qurilmalarni aeroport hududiga olib kirishgan.

Ular politsiya ro‘yxatida jinoyatchilar sifatida turishgan, ammo ularning terrorchilarga aloqadorligi qayd etilmagan.

Joriy yilning yanvar oyida ulardan biri politsiyachiga o‘q uzganligi uchun sirtdan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, ikkinchisiga avtomobillarni o‘g‘irlab sotgani uchun shartli ravishda besh yillik qamoq jazosi tayinlangandi.

Xolid Bakruy soxtalashtirilgan hujjatlar asosida Bryusselning Fore kommunasida turar joyni ijaraga olgani aniqlangan. Shu hududda bir necha kun oldin politsiyachilar va terrorizmga aloqadorligi gumon qilinganlar orasida otishma bo‘lib o‘tgandi.

27 va 30 yoshda bo‘lgan aka-ukalar Parijdagi teraktlarga ham aloqador bo‘lib chiqishi mumkinligi aytilmoqda.

Teraktlar ro‘y bergan 22 mart kuni oxirida Belgiya politsiyasi xudkush terrorchilar Zaventem aeroportidagi videokuzatuv kameralari tomonidan qayd etilgani ma'lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, 22 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 8:10da Bryussel aeroportida ikkita portlash sodir etildi. Ko‘p o‘tmasdan, Bryusseldagi metro bekatlarida ham 3ta terakt amalga oshirildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, portlashlar oqibatida 31 kishi halok bo‘lgan, 250ga yaqin kishi jarohatlangan.

Terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan. Jangarilar bu xuruj Belgiyaning Iroq va Suriyada xalqaro koalitsiya tarkibid IShIDga qarshi amaliyotlarda ishtirok etgani uchun sodir etilganini bildirishgan.

Belgiya OAVida teraktlarning taxminiy ijrochilari suratlari tarqaldi